13:20 / 21.01.2020
0
13677

Prezidentning parlamentga murojaatnomalarida eng ko‘p qo‘llangan so‘zlar qaysi bo‘lgan?

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidentining Oliy Majlisga murojaat qilish an'anasi dastlab 2017 yil dekabr oyida joriy etilgan bo‘lib, mazkur murojaatnomada ko‘tarilgan masalalar barcha fuqarolar va xalqaro hamjamiyatning diqqat e'tiborini o‘ziga tortib kelmoqda.

Review'ning yozishicha, prezident o‘z murojaatida odatda o‘tgan yilni sarhisob qiladi va yaqin kelajakda respublikani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. 2020 yil 24 yanvarda prezidentning Oliy Majlisga uchinchi marotaba murojaati kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil Oliy Majlisga murojaatnomasida jami 7 673 ta so‘z ishlatilgan bo‘lsa, 2017 yilda esa jami 12 069 ta so‘z ishlatilgan.

2018 yildagi murojaatnoma matnida keltirilgan so‘zlar asosida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan eng ko‘p ishlatilgan so‘zlarning kontent analizi amalga oshirilib, ularni tasviriy ifodalovchi so‘zlar jamlanmasi tuzildi.

Markaz tomonidan murojaatnomalarda eng ko‘p ishlatilgan 15 ta so‘z tahlil qilindi. Bunda so‘zlar tahlil qilinayotgan matn ichida qancha ko‘p ishlatilgan bo‘lsa, tasvirda so‘z shuncha katta ko‘rinadi.

Har ikkala murojaatnomada eng ko‘p ishlatilgan so‘z bu “davlat” so‘zidir.

2018 yilgi murojaatnomada “davlat” so‘zi 53 marta ishlatilgan bo‘lsa, 2017 yilda 81 marta ishlatilgan.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar “biz” va “yangi” so‘zlari bo‘lib, ular 2018 yilda 2017 yil bilan taqqoslaganda o‘rta hisobda 15 taga kamaygan. Buni faqat biz o‘zimiz, o‘z kuchimiz bilan yangi O‘zbekistonni qurish imkoni va burchiga egamiz deb tushunsak bo‘ladi.

2017 yilga nisbatan “Vazirlar Mahkamasi” so‘z birikmasi 2018 yilda 7 marta ko‘p ishlatilgan. Bu esa mamlakatdagi ijro organi – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oldiga juda katta vazifalar va topshiriqlar qo‘yilganligidan hamda uning xalq oldidagi mas'uliyati oshirilganligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari murojaatnomada “xalqaro”, “tizim”, “ta'lim”, “soliq”, “zamonaviy” so‘zlari eng ko‘p qo‘llanilgan va ularga alohida urg‘u berilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top