20:03 / 06.04.2020
10670

Eronda Ukrainaning urib tushirilgan samolyoti uchun hech kim hibsga olinmasligi ma'lum qilindi      

Eronda Ukraina aviakompaniyasining Tehron yaqinida urib tushirilgan yo‘lovchi samolyoti uchun hech kim hibsga olinmaydi. Buni Eron parlamentining qonunchilik va adliya masalalari bo‘yicha komissiyasi a'zosi Hasan Navro‘ziy ma'lum qildi.

Foto: Reuters

Bu haqda Al Arabia nashri xabar berdi.

8 yanvarda Eron havo hujumidan mudofaa kuchlari Tehron aeroporti yaqinida “Ukraina xalqaro avialiniyalari” aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyotini yanglish tarzda urib tushirgan. Buning oqibatida Tehron-Kiyev yo‘nalishi bo‘yicha uchgan samolyotdagi barcha 176 kishi, jumladan ekipajning 9 a'zosi halok bo‘lgan.

“Harbiylar o‘z vazifalarini yaxshi bajarganlar. Samolyot harakatlanishi juda shubhali bo‘lgan”, deb aytgan Navro‘ziy. 

Deputat samolyot go‘yoki “dispetcherlik minorasi emas, balki Amerika nazorati ostida bo‘lganini”, samolyot hujumgacha Isroilda bo‘lgani va u yerda “uning xavfsizlik tizimiga buzib kirilib, boshqaruvi egallab olingani”ni aytgan. 

“Samolyotda Erondagi maxsus nishonlar o‘rnatilgan bo‘lgan. Samolyot boshqa davlatlar tomonidan nazorat qilingani hisobga olinsa, harbiylarimiz o‘z vazifalarini yaxshi uddalaganlar. Bu isbotlarni hisobga olib, voqeaga aloqadorlarni hibsga olish bema'no bo‘lardi”, deb qo‘shimcha qilgan deputat.

Navro‘ziy aviahalokatga aloqadorlar hibsga olinmasligini ta'kidlab o‘tgan.

Mavzu
Eronda Ukraina samolyoti halokati
Eronda 8 yanvar kuni «Ukraina xalqaro avialiniyalari» (MAU)ning Boeing 737 samolyoti halokatga uchradi. Uning bortidagi 180ga yaqin kishi halok bo‘ldi.
Barchasi
Top