10:56 / 13.04.2020
34548

Toshkentda avtobus haydovchisi karantindan chiqqanlarni uylariga yetkazmasdan yo‘lda tashlab ketgani ma'lum bo‘ldi

MAN rusumli turistik avtobus haydovchisi uch nafar fuqaroni o‘z manziliga (Algoritm mavzesi) yetkazmasdan, Farhod bozori atrofida tushirib qoldirgan 

Foto: Telegram / Insider.uz

Joriy yilning 10 aprel kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan karantin o‘tash maxsus hududida bo‘lgan fuqarolarga uylariga qaytish uchun ruxsat berilgan. 

Ularni manzillariga yetkazish uchun esa “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan jami 11ta MAN rusumli turistik avtobuslar ajratilgan bo‘lib, shundan 6tasi viloyatlarga ketuvchi fuqarolarni belgilangan manzillarga yetkazish uchun biriktirilgan. 5ta avtobus esa, Toshkent shahrida yashovchi fuqarolarni manzillariga yetkazib qo‘yishi belgilangan.

“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, barcha avtobuslar fuqarolarni belgilangan manzillarga eson-omon yetkazgan. Faqat poytaxtning Janubiy vokzal, 16-shahar shifoxonasi, Chilonzor metrosi, Farhod bozori, Olmazor, Sebzor yo‘nalishlari bo‘yicha ketayotgan avtobus so‘nggi yo‘lovchilarini o‘zaro tushunmovchilik sabab manzillariga yetkazmagan.

Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, yuzaga kelgan mazkur vaziyat jamiyat mutasaddilari tomonidan o‘rganildi.

MAN rusumli turistik avtobus haydovchisi M.X.ning tushuntirishicha, haqiqatan ham 3 nafar fuqaroni o‘z manziliga (Algoritm mavzesi) yetkazmasdan, Farhod bozori atrofida tushirib qoldirgan. Natijada ushbu fuqarolar yo‘lda qolib ketishgan. 

Haydovchining ushbu xatosi sabab unga nisbatan ma'muriy javobgarlik jazosi qo‘llanildi, deyiladi “Toshshahartransxizmat” AJ ma'lumotida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top