10:46 / 15.04.2020
28242

Dollarning rasmiy kursi keskin ko‘tarilib, 10 mingdan oshdi

Markaziy bank 14 apreldan valutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.

Unga ko‘ra dollarning rasmiy kursi 427,64 so‘mga oshib, bir dollar 10121 so‘mni tashkil qildi.

Yevro kursi 512,16 so‘mga ko‘tarilib, 11111,85 so‘mga yetdi.

Rubl kursi ham 7,26 so‘mga oshgan va 1 rubl 138,69 so‘mga teng bo‘lgan.

14 aprel oqshomida O‘zbekistondagi bir qator banklarda AQSh dollari kursi 10 ming so‘mlik nuqtadan o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, 13 apreldan Markaziy bank eksport tushumlari va xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi keskin kamayganini ma'lum qilgan edi.

Jumladan, Rossiya va Qozog‘iston milliy valutalarining qadrsizlanishi ortidan, mart oyida O‘zbekistonga kirib kelgan pul o‘tkazmalari fevral oyiga nisbatan 23 foizga pasaygan, aprelning dastlabki 8 ish kunida esa mart oyining mos davriga nisbatan 3 barobarga qisqargan.

Eksport tushumlari esa mart oyida oldingi oyga nisbatan 10 foizga kamaygan.

Shunga qaramay, regulyator so‘m almashuv kursining qadrsizlanishi ehtimolini past baholamoqda – qisqa muddatli davrda so‘m almashuv kursi ma'lum bir kichik o‘zgarishlardan keyin o‘zining fundamental trendiga yaqin darajada shakllanishi prognoz qilingan.

Mavzuga oid
Top