23:02 / 28.07.2020
5660

Masofaviy o‘qitish an'anaviy dars kabi samarali bo‘la olmasligi ma'lum qilindi

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbariyati bilan Jahon banki vakillarining videokonferensiya formatida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvida pandemiya sharoitining ta'lim sifati o‘tkazayotgan salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, inspeksiya boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev pandemiya sharoitida ta'lim sifati ta'minlash va nazorat qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot bergan. Jahon banki vakillari Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilarining bilimini sinash orqali pandemiyaning O‘zbekistonda ta'lim sifatiga o‘tkazgan ta'siri o‘rganishni taklif etishgan.

«Jahon bankining 157 ta davlatdagi holatlar bo‘yicha tahlillariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi ta'sirida, ta'lim muassasalari taxminan 4 oy davomida yopiq holatda qolgan bo‘lib, masofaviy tarzda ta'lim olish sinfxonada yuzma-yuz o‘tilgan dars kabi samarali bo‘la olmasligi taxmin qilinmoqda. Buning obektiv sababi sifatida esa masofaviy o‘qitish an'anaviy dars kabi samarali bo‘la olmasligi, masofaviy o‘qitish barcha o‘quvchilar uchun birdek qulay emasligi, ta'lim sifatini nazorat qilish qiyinligi, mavjud sharoitlar va aloqa vositalaridagi muammolarni keltirish mumkin.

Ta'lim bo‘shliqlarini aniqlab, ularni to‘ldirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy etish jamiyatimiz uchun suv va havodek zarur inson kapitalini shakllantirish, ta'lim natijalarini yaxshilash orqali O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash (xususan, Inson kapitali indeksi), o‘quvchilarimizning xalqaro baholash tadqiqotlarida (PISA, TIMSS, PIRLS) muvaffaqiyatli ishtirokini ta'minlash va eng muhimi farzandlarimizni real hayot chaqiriqlariga tayyorgarligini ta'minlaydi.

O‘zbekistonning Inson kapitali indeksidagi o‘rnini aniqlash uchun 2019 yilning noyabr oyida Ta'lim inspeksiyasi Jahon banki bilan hamkorlikda TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari asosida 5-sinf o‘quvchilarining matematika fani bo‘yicha bilimi o‘rganilib, tahlillar olib borilayotgan edi. Tadqiqotlar doirasida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida ta'lim tizimini yanada takomillashtirish zaruriyatiga qaramasdan, COVID-19 koronavirus pandemiyasi maktablarning yopilishi va darslarni telekanallar va internet tarmog‘i orqali masofaviy tarzda tashkil etishga majbur qildi», deyiladi davlat inspeksiyasi axborot xizmatining xabarida.

Uchrashuvda pandemiyaning ta'lim sifatiga ta'sirini, masofaviy ta'lim davomida o‘quvchilar fanlarni qay darajada o‘zlashtirganini o‘rganish ehtiyoji paydo bo‘layotgani ta'kidlangan. Jahon banki vakillari tomonidan o‘quvchilarning bilimidagi yo‘qotishlar keyinchalik iqtisodiy daromadlarining ham pasayishiga olib kelishi mumkinligi aytilgan.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi shu maqsadda ta'lim bo‘shliqlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish rejalashtirilgani, tadqiqotlar muvaffaqiyatli tashkil etilgan holda, pandemiya sababli ta'lim olishdagi bo‘shliqlarning salbiy ta'sirini kamaytirish va ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilishini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid
Top