17:06 / 16.11.2020
3282

Vaqtinchalik prezident iste'fosidan so‘ng Peru rahbariyatsiz qoldi

Peruda prezident, kongress raisi va vitse-prezident o‘rinlari bo‘sh qolmoqda.

Foto: RIA Novosti

Kongress Rosio Silva Santisteban nomzodini prezidentlikka ma'qullamaganidan so‘ng Peruda hokimiyat bo‘shlig‘i paydo bo‘ldi.

Yakshanba kuni Peruning vaqtinchalik prezidenti Manuel Merino iste'foga chiqdi. U o‘tgan haftada korrupsiyada ayblanib impichment e'lon qilingan prezident Martin Viskarra o‘rnini egallagandi.

Merino o‘ziga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlaridan keyin iste'foga chiqishga majbur bo‘ldi. U politsiyaning namoyishlarni tarqatishda qilgan keskin harakatlariga befarqlik qilganlikda ayblanmoqda.

Shu bilan birga, Peruda kongress raisi va vitse-prezident o‘rinlari ham bo‘sh qolmoqda.

“Inqirozdan chiqish uni vujudga keltirgan kongress a'zolari qo‘lida”, – deb izohladi vaziyatni sobiq iqtisodiyot vaziri Mariya Antonieta Alva.

Peruda prezident saylovi 2021 yil aprelda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Top