17:55 / 31.12.2020
23765

Holand «Barselona»ga, Eriksen - «Arsenal»ga? Transfer olamidagi so‘nggi xabarlar

2020 yilning so‘nggi kunlarida futbolchilar klublarini o‘zgartira boshladi, bir oy davomida qishki transferlar darichasida yana qaysi futbolchilar qaysi klublarga o‘tishi haqida xabarlar tinmaydi. Quyida eng so‘nggi transfer yangiliklari keltiriladi.

Foto AFP

«Barsa»da prezidentlik kampaniyasi
Dortmundning «Borussiya» klubi hujumchisi Erling Holand tashviqot vositasiga aylantirildi. «Barselona» prezidentligiga nomzod bo‘lgan Emili Rusoning vakili va maslahatchisi Xosep Mariya Mingella agar Ruso prezidentlikka saylansa, klub 20 yoshli norvegiyalik futbolchini sotib olishi haqida gapirdi. U Holandning talablaridan yaxshi xabardor ekanini qayd etdi va transfer agent Mino Rayolaga bir qo‘ng‘iroq orqali amalga oshishini qo‘shimcha qildi.

Bungacha yana bir nomzod Viktor Font prezidentlik saylovida g‘alaba qozonsa, jamoa boshqaruviga Xavini taklif etishini ma'lum qilgandi.

«Barselona» prezidentligi saylovlari 2021 yil 24 yanvarida o‘tkaziladi.

Avvalroq Holandga «Chelsi» ham da'vogar ekani, londonliklar uning transferini qishda hal qilib, 2021 yil yozida uni tarkibga qo‘shib olishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

«Arsenal» Eriksenni nishonga olgan

 

«Inter» yarimhimoyachisi Kristian Eriksen klub izlashda davom etmoqda. La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, «Arsenal» ushbu 28 yoshli daniyalik futbolchi xizmatlariga qiziqish bildirmoqda va uni shu yanvarda safiga qo‘shib olishga tayyor. Ammo ushbu havbekni qo‘lga kiritish uchun londonliklar tarkibdagi futbolchilarning maosh xarajatlari vedomostini bo‘shatishi va futbolchilardan biri, masalan, Mesut O‘zilni sotishi kerak bo‘ladi.

Germaniyalik yarimhimoyachi bo‘yicha hozircha yangilik yo‘q — chorshanba kuni italiyalik jurnalist Romeo Agresti «Yuventus» O‘zil bilan muzokara olib borayotgani to‘g‘risidagi xabarni rad etdi. Eriksenning qaysidir klubga ketishi esa aniq — «Inter» uni transferga qo‘ygan, bu mavsumda ushbu futbolchi ko‘k-qora libosda barcha turnirlar doirasida jami 12 o‘yinda qatnashgan va birorta gol urmagan.

Milik «Atletiko»ga kelmaydi
«Napoli» hujumchisi Arkadiush Milik atrofidagi voqealar juda tez rivoj topdi. Avvaliga «Atletiko» Diyego Kosta bilan xayrlashishi e'lon qilingach, Diyego Simeone jamoasida polshalik hujumchini ko‘rishni istayotgani haqida xabar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay taniqli insayder Fabritsio Romano «Atletiko» Milikni sotib olmasligi, uning uchun so‘ralgan 15 million yevro qimmatlik qilayotgani haqida yozib chiqdi. Gap shundaki, Milikning «Napoli» bilan shartnomasi muddati yarim yildan keyin tugaydi, yozda italyanlar uni tekinga qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri keladi.

Ammo «Atletiko» hamon Kostaga o‘rinbosar qidirmoqda. Klub bilan shartnomasini bekor qilgan hujumchi Ispaniyada qolmasligi oydinlashmoqda — The Athletic xabariga ko‘ra, Kosta agar La Liga yoki YeChLda g‘olib chiqish uchun kurashayotgan jamoa safiga o‘tsa, «Atletiko»ga 15 million yevro to‘lab berilishi kerak bo‘ladi. Angliyadagi nashrlar, kelib chiqishiga ko‘ra brazil bo‘lgan 32 yoshli ispan futbolchisi «Arsenal» yoki «Vulverhempton»ga o‘tishi haqida yozishmoqda.

«Inter» «Atalanta» yetakchisini sotib oladimi?

Foto: Getty Images

«Atalanta»ning yetakchilaridan bo‘lgan Alexandro Papu Gomes va jamoa bosh murabbiyi Jan Pero Gasperini o‘rtasidagi munosabatlar keskinligicha qolmoqda. Argentinalik yarimhimoyachi individual dastur bo‘yicha shug‘ullanmoqda va yanvardayoq Bergamoni tark etishga ahd qilgan.

Corriere della Sera ma'lumotiga ko‘ra, 32 yoshli pleymeyker uchun kurashda yaqqol favorit «Inter» bo‘lib turibdi. Milanliklar Gomesning o‘zi bilan kelishuvga erishgan — unga ko‘ra, tomonlar uch yarim yillik shartnoma tuzishadi, yillik maosh miqdori 2,5 million yevro atrofida bo‘ladi. Ammo argentinalik futbolchi Chempionlar ligasida qatnashishni istamoqda, «Inter» esa turnirning guruh bosqichidan chiqa olmadi.

Xedira «Everton»ga o‘tishga yaqin
«Yuventus» yarimhimoyachisi Sami Xedira «Everton» bilan muzokara o‘tkazmoqda. Jurnalist Nikolo Shiraning ma'lumotiga ko‘ra, 33 yoshli germaniyalik futbolchi yanvarda jamoasini o‘zgartiradi — u joriy mavsumda turinliklar safida maydonga tushmadi, «Yuve» bilan shartnoma esa 2021 yil yozida yakuniga yetadi. Futbolchi Angliya chempionatida ishtirok etmoqchi va unda «Everton» varianti bor. Qayd etilishicha, ayni vaqtda «irislar»ni boshqarayotgan Karlo Anchelotti «Real»dagi sobiq shogirdini hozirgi jamoasida ham o‘ynatishga qarshi emas.

Bekhem yulduzlarni yig‘moqchi

Foto AFP

«Inter Mayami» jahon futbolidagi grandlardan biriga aylanmoqchi. Devid Bekhemga tegishli bo‘lgan klub atrofida xabarlar juda ko‘p. So‘nggisi: «Barselona» hujumchisi Lionel Messi va «Atletiko» forvardi Luis Suaresning ehtimolli transferi. Jurnalist Xavi Kampos Catalunya Radio efirida aytishicha, bu futbolchilarning ikkisi ham AQShga yo‘l olishi mumkin, ammo 2022 yil yozidan avval emas.

33 yoshli argentinalik futbolchining «Barselona» bilan shartnomasi muddati kelgusi yil yozida tugaydi, 33 yoshli urugvaylik esa «Atletiko» bilan 2022 yil yoziga qadar bitim tuzgan.

Isko yarim yildan keyin «Sevilya»ga yo‘l oladi
AS nashrining tasdiqlashicha, «Real» yarimhimoyachisi Isko «Sevilya»ga o‘tadi, ammo qishda emas, yarim yildan keyin. Manba ma'lumotiga ko‘ra, 28 yoshli ispaniyalik «Qirollik klubi»ni jamoa sardori Serxio Ramos bilan nizo tufayli tark etmoqchi, «Sevilya» — u uchun eng yaxshi variant. Madridliklar futbolchini hozir qo‘yib yuborishni istashmayapti, ammo yozda uni 15-20 million yevroga sotishga rozi bo‘lishlari mumkin. Iskoning «Real» bilan shartnomasi 2022 yil yoziga qadar tuzilgan.

Zabitser «Tottenhem»ga o‘tishi oydinlashmoqda

«Leypsig» sardori Marsel Zabitser faoliyatini Angliyada davom ettirishi haqiqatga aylanmoqda. «Tottenhem» ushbu 26 yoshli avstriyalik yarimhimoyachiga anchadan buyon qiziqish bildirib keladi, shu haftada esa nemislar klubi sport direktori Markus Kreshe «shporlar» bilan muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi.

Insayder Nikolo Shiraning xabar qilishicha, «Tottenhem» Zabitserga 2025 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma taklif qilgan, avstriyalik futbolchi transferi shu qishda amalga oshishini xohlamoqda. Katta ehtimol bilan transfer yaqin vaqtlar ichida e'lon qilinadi.

Falkao Amerikaga ketadimi?

Foto Instagram

Keyingi yilda Radamel Falkao 35 yoshga chiqadi. Ushbu kolumbiyalik hujumchi bu yoshini qayerda qarshi olishi noma'lum. «Galatasaroy» futbolchi bilan xayrlashmoqchi. Foot Mercato xabariga ko‘ra, Falkao faoliyatini Yaqin Sharqda yoki MLS chempionatida davom ettirishi mumkin.

«Galatasaroy»ning noroziligining asosiy sababi Falkao doimiy ravishda jarohat olishidir, istanbulliklar unga o‘ynamasa ham yiliga 5 million yevro to‘lab yurmoqchi emas. Bu mavsumda u Turkiya chempionatining olti o‘yinida 5 gol urgan va ikki golli uzatmani amalga oshirgan.

Origini Italiyada kutishmoqda

«Liverpul» hujumchisi Divok Origi qishki transferlar oynasidagi eng talabgir futbolchilardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Jurnalist Janluka Di Marsioning ma'lumotiga ko‘ra, 25 yoshli belgiyalik qishda «Inter» a'zosiga aylanishi mumkin. Milanliklar futbolchini keyinroq sotib olish sharti bilan bir yil uchun 10 million yevro to‘lab ijaraga olmoqchi.

2020/21 yilgi mavsumda Origi «Liverpul» safida 7 o‘yinda maydonga tushdi, u bu o‘yinlarda bir gol urib, bir golga uzatma berdi. Transfermarkt.de ushbu futbolchining transfer qiymatini 16 million yevroga baholagan.

Mavzuga oid
Top