08:45 / 23.05.2021
27141

Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining sobiq rahbari qamoqqa olindi

Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining sobiq rahbari Komiljon Adilov kamomadda ayblanib qamoqqa olingan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining sobiq rahbari qamoqqa olingani haqida tarqalgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 va 209-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan Nurafshon shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi doirasida, 2021 yil 21 may kuni viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘iga JKning 167-moddasi 2-qismi «a, v, g» bandlari bilan ayb e'lon qilinib, sudning ajrimi bilan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llangan», deyiladi rasmiy xabarda. 

Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmasligi qayd etilgan.

Bundan avvalroq Toshkent viloyatiga oid yangiliklar yoritib boriladigan «Oltin voha» kanalida tekshiruvlarda 50 million so‘m kamomad aniqlangani tufayli Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining sobiq rahbari Komiljon Adilov qamoqqa olingani, bosh hisobchi esa qidiruvdaligi haqida xabar berilgandi.

Komiljon Adilov 2019 yil dekabr oyida boshqarma boshlig‘i etib tayinlangan edi. Joriy yilda ushbu boshqarma tugatilib, turizm va sport bitta tuzilma ostiga birlashtirilgan, umumiy rahbarlik viloyat hokimining o‘rinbosariga yuklatilgandi. 

Top