20:28 / 04.06.2021
4704

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston parlamenti Senati raisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyun kuni mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Qozog‘iston parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayevni qabul qildi.

Davlat rahbari oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugun yuksak darajaga chiqqanini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Senat raisi Maulen Ashimbayev, o‘z navbatida, O‘zbekiston yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta'kidlanishicha, pandemiya oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish maqsadida hukumatlar, hududlar va tadbirkorlar darajasida faol almashinuvlar davom etmoqda. 2021 yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati, transport, turizm va iqtisodiyotning boshqa sohalarida yirik kooperatsiya loyihalari tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi dasturlar qayta tiklandi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari ikki tomonlama hamkorlikning istiqboldagi kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etishi, hududlar ma'muriyatlari va ishbilarmon doiralarni keng jalb qilgan holda yangi tashabbuslar va aniq loyihalarni ilgari surish, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha hamkorlik va o‘zaro muvofiqlashuvni kuchaytirish muhim ekani alohida ta'kidlandi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top