O‘zbekiston | 22:06 / 16.11.2023
7568
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari o‘rtasidagi konstruktiv muloqot rivojlantiriladi 

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi. 

Foto: Oliy Majlis Senati

16 noyabr kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Bishkek shahrida MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasining navbatdagi yalpi majlisi doirasida Qozog‘iston parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar davlat rahbarlarining ochiq, o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti va mustahkam siyosiy irodasi tufayli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasida barcha sohalarda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Davlatlararo munosabatlarda parlamentlararo aloqalarni amaliy harakatlar bilan yanada boyitish masalalari muhokama qilindi. 

Bunda O‘zbekiston va Qozog‘iston Senati o‘rtasidagi parlamentlararo komissiya faoliyati samaradorligini oshirish, xususan uning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va ikki davlat parlamentlari o‘rtasida yangi «yo‘l xaritasi»ni imzolash taklifi ilgari surildi. 

Maulen Ashimbayev O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasi faoliyatini yuqori baholadi. Qozog‘iston parlamentida ham huddi shunday komissiya faoliyat boshlagani, mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonning tajribasi muhimligini qayd etdi. 

Xalqaro parlament tuzilmalari, shuningdek, boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar doirasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini faol davom ettirishga kelishib olindi. 

Uchrashuv yakunida do‘st mamlakatlar va qardosh xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik bundan buyon ham o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda konstruktiv tarzda rivojlanib borishi, bunda parlamentlararo muloqotni yanada faol davom ettirilishiga ishonch bildirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid