12:08 / 29.06.2021
9306

“Ilmiy yutuqlar tatbiq qilinmasa, qishloq xo‘jaligida katta o‘zgarish qilish qiyin” - biolog olim bilan suhbat

O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun qishloq xo‘jaligining ahamiyati ancha katta. Shunga qaramay, sohaga ilmiy yondashuv yetishmaydi, ilmiy-tadqiqot institutlarida bir talay kamchiliklar ko‘zga tashlanadi.

Muammolardan biri – ekin yerlarida tuproqning haddan ziyod kimyolashtirilishi. Rivojlangan mamlakatlarda o‘simliklarni kimyolashtirishga emas, tabiiy usullarda yetishtirishga ko‘proq ahamiyat qaratila boshlagan. Ya’ni tuproqdagi foydali bakteriyalar to‘plab olinadi, ular qayta ishlanib, o‘simlik tanasiga yuboriladi.

Biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shu va boshqa masalalar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Baxtiyor Rasulov ayni paytda O‘zFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti Mikroorganizmlar biotexnologiyasi laboratoriyasi mutaxassisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bunga qadar bir necha yil Xitoy Fanlar akademiyasi institutlarida tajriba orttirgan.

– Baxtiyor aka, siz olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining mohiyati nimadan iborat? Bioazot o‘zi nima?

– Bioazot ilmiy ishlanmamiz tabiatda, tuproqda mavjud bo‘lgan, atmosfera azotini o‘zlashtirib, o‘simliklarga yengil holatda o‘zlashadigan biologik azot sintez qiluvchi bakteriyalar asosidagi biologik vosita hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligida qo‘llanayotgan azotli yoki fosforli o‘g‘itlar o‘rnida qo‘llash uchun taklif etilgan biologik vositadir.

Biz hozirda qo‘llayotgan biovositamiz asosini tuproqda mavjud bo‘lgan tirik organizmlar tashkil etadi. Ularning asosiy xususiyatlaridan biri – havodagi azotni o‘zlashtirib, o‘simlikka ozuqa sifatida yetkazib berish.

Sanoatda mineral o‘g‘itlar, azotli o‘g‘itlar havodagi azotni suyuqlantirish orqali va keyinchalik azotni ketma-ket oksidlash, keyingi kimyoviy reksiyalar orqali mineral o‘g‘it hosil bo‘ladi. Tirik organizmlarda ham mohiyatan shunday jarayon. Azotni o‘zlashtirib, uni biologik holatda o‘tkazib, o‘simlik o‘zlashtira oladigan holatga olib o‘tamiz.

– Kimyoviy o‘g‘itlardan voz kechib, faqat tabiiy yo‘l orqali o‘simlik dunyosini rivojlantira olish mumkinmi?

– Baribir xohlaymizmi-yo‘qmi, bu tizimga o‘tish uchun ma’lum bir vaqt, ko‘nikma talab etiladi. Bungacha kimyoviy yo‘ldan foydalanish mumkin. Bunda an’anaviy yo‘ldan emas, balki noan’anaviy usullarni qo‘llash kerak. Misol uchun, o‘simlikni bargidan oziqlantirish mumkin. 200 kg karbamidni tuproqdan bergandan ko‘ra, 5 kg karbamidni suvda eritib, suspenziya holatida bargidan berish mumkin.

Mana shu usullarda ishlab, sekin-sekin kimyoviy usullardan voz kechishimiz kerak. Sababi qishloq xo‘jaligi rivojlangan mamlakatlarda, xususan, Niderlandiya, Xitoy, Yaponiya kabi davdatlarda organik mahsulotlarga talab juda yuqori va bu an’anaviy usulda olingan mahsulotlarga nisbatan bir necha barobar qimmat.

Misol uchun, Namanganda “Art soft claster” xolding hozirda Yaponiyaga sochiq eksport qiladi. An’anaviy usulda paxta tolasidan to‘qilgan sochiq 1 dollar bo‘lsa, organik paxta tolasidan to‘qilgan sochiq 3 dollardan sotiladi.

Demak, organik mahsulotga o‘tish nafaqat sarf-xarajatni, balki foyda-daromadni ham bir necha barobarga oshishiga xizmat qiladi.

– Hozirgi sharoitlar qishloq xo‘jaligi sohasida samarali ilmiy tadqiqotlar olib borish imkonini beradimi?

– Bu og‘riqli masalamiz. Bir necha marta bu haqda fikr bildirganmiz. Rasmiy minbarlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar qilganmiz. Yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qildik, lekin afsuski, bir o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Misol uchun, laboratoriyalarimiz moddiy-texnika bazasi haligacha yangilangani yo‘q.

Tadqiqotlarimizni chet ellarga borib qilib kelishga majbur bo‘lyapmiz. Olim davlatdan e’tibor olgandan keyin, endi davlatga xizmat qilishi ham kerak. Faqat oylikni olib, kuni o‘tishi kerakmas. Sharoit bo‘lsa, o‘zbek olimi ham dunyo hamjamiyati olimlarini qoyil qoldirishga kuchi yetadi.

Yillab chet ellarda ishladik. Men o‘zim 8 yil atrofida Xitoy Fanlar akademiyasi institutlarida ishladim. Olimlarimiz salohiyati yetarli. Yana qanchasi chetda eribdi. Ular foydalana olishi kerak. Hech kim chetdan kelib O‘zbekistonning muammosini yechib bermaydi. Biz chetdan mutaxassis olib kelgandan ko‘ra, avval o‘zimizning olimlarimizga imkoniyat yaratishimiz zarur.

Biz dunyo fani bilan qadamma-qadam yurishimiz kerak. Fan, ilm to‘xtab qolgani yo‘q. Biz orqada qolmasligimiz kerak. Shu nuqtayi nazardan olib qarasak, fanga sharoit kerak, e’tibor kerak. Lekin ko‘pchilik rahbarlarimiz hozirgi siyosatimizni tushunmayaptimi, yoki unga e’tibor bermayaptimi, bu, albatta, tanqidga munosib bo‘lgan xatti-harakatlari bizni hayron qoldiradi.

– Aynan qaysi muammolarni sanab o‘tgan bo‘lardingiz?

– Bu yerda aniq aytishim mumkinki, O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi ikkita yirik bosh tashkilotimiz bor: Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlantirish vazirligi. Misol uchun, men na Fanlar akademiyasidan, na vazirlikdan aniq bir yordam berilayotganini institutimiz misolida ko‘rganim yo‘q. Balki ishlayotgandir. Mayda detallargacha sanab o‘tmoqchimasman. Lekin institutimizning infrastrukturasi hisoblangan binolar buzib yuborildi. Omborlar, garajlar, daraxtlarning kesib yuborilgani... Binolarni buzib, o‘rniga uylar qurilayotgani... Endi bu qaysi aqlga sig‘adiki, davlatning mulkini buzib, ilmga xizmat qilayotgan binolarni buzib, shaxsiylashtirish mumkin?

Biz tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Biroq hech qanday o‘zgarish sezayotganimiz yo‘q.

– Mamlakatni rivojlantirishda qishloq xo‘jaligi sohasining ahamiyatini qanday baholaysiz?

– Qishloq xo‘jaligida Niderlandiyaning bir yillik daromadi 110 milliard dollarga chiqdi. Qaniydi biz ham shu ilmiy yutuqlarni olib kira olsak. Niderlandiyada dehqonchilikning har bir muammolari fundamental o‘rganiladi. Molekulyar biologiyadan boshlab o‘g‘itlashgacha bo‘lgan jarayon yangi fan, yangi yutuq sifatida o‘rganiladi.

Bizning bunday oqsashimizda qaysidir jihatdan ilmiy-tadqiqot institutlarimizning aybi ham bor. Mavzuni to‘g‘ri tanlay olmaslik, eski mavzularga o‘ralashib yurishlik. Biz haliyam eski metodlardan foydalanib yuribmiz. Dunyo mamlakatlari buni allaqachon eski deb hisoblaydigan usullar hali qishloq xo‘jaligimizga kirib borgani yo‘q. Eskicha usullardan voz kecha olmayapmiz. Agar shu usullarning o‘zi kirib borsa, qishloq xo‘jaligi daromad keltiruvchi sohaga aylanadi.

Misol uchun, hatto qumdayam hosil olish mumkin. Biroq ilmiy yutuqlarni jalb qilmasdan turib, qishloq xo‘jaligimizda inqilob yasashimiz qiyin. Biz haliyam eski qoliplardan chiqib ketolganimiz yo‘q.

  • Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Doston Rahmatov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Muhiddin Qurbonov

Top