13:23 / 06.07.2021
11380

“Ukam og‘ir darddan nobud bo‘ldi, akam sirrozdan vafot etdi, endi menda ham shu kasallik...” – O‘tkirning yurakni ezuvchi taqdiri

Shunday oilalar borki, sinov ularga ustma-ust keladi va ko‘pchilikning qaddi bukilib qoladi. Bugungi qahramonimiz oilasida uch nafar o‘g‘il bo‘lgan. Falakning gardishi bilan bugun u yolg‘iz qolgan va endi og‘ir dard qahramonimiz hayotiga jiddiy xavf solib turibdi.

“Surxondaryodanman, kasallik meni poytaxtga yetaklab keldi. Uch yildirki, muntazam davolanishga majburman. Jigar sirrozi degan og‘ir darddan aziyat chekaman. Uch o‘g‘il edik, faqat men qoldim. Akam bir necha yillar oldin ayni shu jigar sirrozidan vafot etdi.

Bu ayriliqdan kuyib yurganimizda BMTda ishlaydigan, hammamizning faxrimiz bo‘lgan ukam Bobur Komilov xorijda og‘ir kasallikdan omonatini topshirdi”, – deydi tahririyatimizga tashrif buyurgan O‘tkir Komilov.

“Ukamning o‘limidan keyin ham sinovlar tugamagan ekan. Menda ham jigar sirrozi aniqlandi va shundan beri azobdaman. Bu kasallikda hatto jigar ko‘chirish ham yordam bermay qolishi mumkin ekan. Shifokorlar ko‘nglimni ko‘tarishgani shuki, menda mana shu operatsiya orqali sog‘ayib ketish imkoni bor ekan.

Lekin jigar almashtirilmasa, nima bo‘lishini tasavvur qilishga qo‘rqaman. O‘zimning ham uch farzandim bor, ularning otasiz qolishini o‘ylasam titrab ketaman. Hech kimning boshiga bunday kun tushmasin ekan. Uch yildirki, bor budimizni sotib davolanib keldim. Endi yirik operatsiya oldida ojiz qoldim. Iltimos, menga yordam bering. Lozim topsangiz ehson qiling, unga loyiq ko‘rmasangiz qarz bering. Ishoning, sog‘ayib ketganimdan keyin, albatta, qaytaraman”, – so‘zlarini tugatdi bemor.

 O‘tkir Komilov ham ko‘pchilik singari Hindistonga borishni maqsad qilgan. Ammo yetishmovchilik uning ko‘p rejalarini barbod qilishi mumkin. Ko‘pning oz-ozdan bergani esa uni bu darddan qutqaradi, degan umidimiz bor. Zero Siz mushtariylar dardmandlarni hamisha qo‘llaysiz.

O‘tkir Komilovga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600060987310084 (Xalq banki, O‘tkir Komilov nomida)

Sberbank: 5336690159138900 (Muhiddin Mamatqulov nomida)

Viza: 4108590167148363 (O‘tkir Komilov nomida)

Telefon: +998919051878

Abror Zohidov tayyorladi.
Tasvirchi — Sherzod Egamberdiyev.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top