08:36 / 09.09.2021
6609

Xitoy birinchi yarim yillikda O‘zbekiston uchun eng yirik eksport bozoriga aylandi

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik eksport bozoridir. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy kichik qo‘mitasining 7-yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Tadbirda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati, o‘zaro savdoni rivojlantirishning dolzarb masalalari, xususan, O‘zbekiston delegatsiyasining “China International Import Expo” ko‘rgazmasida ishtirok etishi, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishiga ko‘maklashish, transport orqali yetkazib berish va logistikani rivojlantirish istiqbollari, jumladan, Xitoyga blok-yetkazib berish shaklida o‘zbek mahsulotlarini eksport qilish amaliyotini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik Qo‘mitasi yig‘ilishida imzolash uchun taqdim etilgan hujjatlarni, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni 5 yillik rivojlanish dasturini o‘rganib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining bo‘lajak yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikning dolzarb masalalari ustida ish olib borishni davom ettirishga kelishib oldilar.

Ma'lumot uchun, joriy yilning birinchi yarmida Davlat va hududiy investitsiya dasturlari doirasida o‘zlashtirilgan Xitoy investitsiyalari hajmi 2020 yilning shu davriga nisbatan 25 foiz o‘sib, 1 milliard dollardan oshdi.

2021 yilning yanvar–iyul oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 21,6 mlrd dollarni tashkil etdi, unda Xitoy 4 mlrd dollarlik ulushi bilan (umumiy hajmning 18,7 foiz) birinchi o‘rinni egallaydi. 2020 yilning tegishli davriga nisbatan, Xitoy bilan savdo aylanmasi 16,9 foiz yoki 581,2 million dollarga oshdi.

Shu bilan birga, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik eksport bozoridir. Joriy yilning yanvar–iyul oylarida Xitoyga tovar va xizmatlar eksporti 2020 yilning shu davriga nisbatan 287,6 mln dollarga (+28,6 foiz) o‘sdi va O‘zbekiston umumiy eksport hajmining 1,3 mlrd yoki 15,9 foizni tashkil etdi.

Top