09:34 / 10.09.2021
2306

Shahrisabzda maktab hovlisidagi 13 tup daraxt direktor tomonidan kesib tashlandi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan maktab hududida o‘sib turgan 13 tup daraxt direktor tomonidan kesib olingan. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 6 sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga Shahrisabz tuman «Hisor» MFYda joylashgan 49-maktab filialida daraxt kesilgani to‘g‘risida murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaat Shahrisabz tuman nazorat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganish davomida 49-maktab filiali hududida 13 tup turli xil o‘lchamdagi terak daraxtlari direktor tomonidan kesilgani aniqlangan. Bu xatti-harakati bilan maktab direktori «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 4, 6, 37-moddasi talablari, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning 5, 6, 17-moddasi 3-qismi hamda 41, 47, 49, 50-moddalari talablarini qo‘pol tarzda buzgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan 49-maktab direktoriga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 13 million 338 ming so‘m hisoblangan hamda 2 million 700 ming so‘m jarima qo‘llangan.

Top