08:57 / 11.11.2021
3955

SpaceX koinot stansiyasiga uchinchi boshqariluvchi parvozni amalga oshirdi

10 noyabrda SpaceX kompaniyasining Crew Dragon-3 kemasi o‘z bortida 4 nafar astronavt bilan Xalqaro koinot stansiyasi tomon yo‘l oldi.

Foto: Reuters

Kema orbitaga AQSh vaqti bilan 10 noyabr soat 21:03 da Falcon 9 raketasi yordamida Floridadagi Kennedi nomidagi koinot markazining 39A start maydonchasidan uchirilgan. Kema parvoz startidan 12 daqiqa 51 soniya o‘tib orbitaga chiqarilgan va o‘zi mustaqil ravishda koinot stansiyasi tomon yo‘l olgan.

Kema ekipaji tarkibidan NASA astronavtlari Raja Chari (sardor), Tom Marshbern (uchuvchi) va Kayla Berron hamda Yevropa koinot markazi (ESA) astronavti Mattias Maurer joy olgan. Ular stansiyada 2022 yil apreligacha faoliyat olib borishadi.

Kema XKSga AQSh sharqiy sohilbo‘yi vaqti bilan 11 noyabr soat 19:10 da avtomatik ravishda tutashishi kutilmoqda.

9 noyabrda XKSdan Yerga Crew Dragon-2 kemasida NASA astronavtlari Megan Makartur va Sheyn Kimbro, ESA vakili Tomas Peske va Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) astronavti Akixiko Xoside qaytgan edi.

Crew Dragon-3 parvozi NASA dasturi va koinot agentligining SpaceX kompaniyasi bilan shartnomasi doirasida amalga oshirildi. Agentlikda ta'kidlanishicha, kemadagi har bir astronavt o‘rni 58 mln dollar turadi.

Ayni vaqtda XKSda “Roskosmos” fazogirlari Anton Shkaplerov va Pyotr Dubov hamda NASA astronavti Mark Vande Xay o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Mavzuga oid
Top