13:01 / 15.12.2021
7966

Termiz orqali Afg‘onistonga BMTning insonparvarlik yordami jo‘natildi

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Termiz shahri orqali Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonga insonparvarlik yordami jo‘natilgan. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 15 dekabr kuni BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining gumanitar yuki ortilgan ikkita maxsus yuk mashinasi Termiz orqali Afg‘onistonning Mozori Sharif shahriga jo‘natilgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Insonparvarlik yordami BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Surxondaryo viloyatidagi "Termez Cargo Centre"da tashkil etilgan gumanitar markazidan yuklanib, qo‘shni davlatga yuborilgan.

Ushbu markaz O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bu yerda yuklarni saqlash va qo‘shni mamlakatga jo‘natish uchun yetarli sharoit yaratilgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Afg‘onistonga yuborilgan dastlabki qirq tonnaga yaqin gumanitar yuk oshxona anjomlari, plastmassa qoplama va boshqa zarur hayotiy narsalardan iborat.

Qayd etilishicha, gumanitar yordam yuklari joriy yil oktabr-noyabr oylarida havo va quruqlik orqali Termizga yetkazilib, "Termez Cargo Centre" terminalida saqlangan.

Mavzuga oid
Top