13:41 / 13.04.2022
14300

“Ko‘chamizni asfalt qilib berishlarini so‘rab 8 yil “yugurgan” edik” – “Tashabbusli budjet” g‘oliblari loyiha haqida qanday fikrda?

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani “Qorasoqol” MFY aholisi 8 yildan beri o‘z ko‘chalarini asfaltlashtirish yo‘lida kirmagan eshiklari qolmadi.

1986 yilda asfaltlashtirilgan ko‘cha bugungi kunga kelib abgor holatga kelgan. Ustiga-ustak mahallada bolalar bog‘chasi joylashgan bo‘lib, yog‘ingarchilikda yo‘ldan qatnashda barcha birdek aziyat chekardi.

Yozyovon tumani “Qorasoqol” MFYda “Tashabbusli budjet” loyihasida 1 746ta ovoz to‘plandi. Mahalla ahli “Tashabbusli budjet” tufayli yillar davomida yechim topmagan ichki yo‘llarni asfaltlash masalasi hal bo‘lganini ta’kidlashdi. Mahalla loyihada 1 milliard so‘m yutib oldi. Bu mablag‘ga Asalchilik, Istiqlol, Ibrat, Navbahor ham Do‘stlik ko‘chalari – jami 6 800 metrlik ichki yo‘llar ta’mirlanadigan bo‘ldi.

Mahalla faoli Ikromjon Mamajonov ovoz to‘plash uchun butun qishloq oyoqqa turib, birgalashib harakat qilishgani haqida so‘zladi.

Ikromjon Mamajonov. Mahalla faoli

Bu qishloqda cheklar 1989 yilda berilgan bo‘lsa, 1986 yilda ko‘cha asfaltlashtirilgan edi. Bu asfalt yillar davomida ko‘rib bo‘lmas holatga keldi. Yo‘ldan yurishga ham imkon yo‘q edi.

Ayniqsa, bog‘chaga bolalarni olib kelishda ota-onalar qiynalishardi. “Tashabbusli budjet” loyihasida ovoz berish boshlangach, harakat qilib ko‘rdik. Ungacha asfalt qilish uchun 8 yil uringanmiz. Portal, hokimiyatga borganmiz.

Yo‘llarni asfaltlash uchun mahallalarda yoshlarni jalb qilib yurib, ovoz to‘pladik. Natija yomon bo‘lmadi. 1 milliard so‘m yutib oldik. Endi shu “Qorasoqol” MFY hududidagi yaroqsiz bo‘lib qolgan yo‘llarni ta’mirlash uchun ertadan asfalt kelyapti. Mana shu loyiha tashabbuskorlariga rahmat. Shu paytgacha bo‘lmagan ish aynan shu loyiha sabab hal bo‘ldi.

Eshikma-eshik yurib ovoz to‘pladik. Mablag‘ni yutib olamiz, deb butun qishloq birgalashib harakat qildik”, – deydi u.

 

“Ovoz yig‘ish bo‘yicha mahalla faollari guzarlarda yoshlar bilan to‘planishib, hamjihatlikda harakat qildik. Yetarlicha ovoz to‘pladik. Mahalla 1986 yilda bolalar bog‘chasi ishga tushganida asfalt bo‘lgan edi. Ochiq maydon bo‘lgani uchun asfalt yo‘q bo‘lib ketgan. Loygarchilikda ota-onalar, mashinalar ham yo‘ldan o‘tishda qiynalishardi.

Ko‘chani asfalt qilish harakatida hokimiyatlarga ko‘p bora borganmiz. Yoshlar o‘zlari tashabbus ko‘rsatishib, o‘zlari bir-birini chaqirib to‘planishib ovoz yig‘dik. Xudo xohlasa, mana, g‘olib bo‘lib 1 milliard so‘mni yutib olibmiz.

“Tashabbusli budjet” loyihasini o‘ylab topganlarga rahmat. 1 milliard so‘m katta summa. Loyiha bo‘lmaganida, yetarlicha ovoz to‘play olmaganimizda asfalt qilish qayoqda edi deysiz. Ramazon oylarida ulug‘ ish bo‘ldi. Bog‘cha bolalarining sog‘-salomat yo‘ldan yurib kelishi ota-ona hamda barchamiz uchun muhim. Bu yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ldi. Yo‘l tugul ariqlarda ham suvlar to‘lib toshib ketdi. “Tashabbusli budjet” tufayli ko‘chamiz asfalt qilinadigan bo‘ldi. Hammaga rahmat”, – deydi mahalla faollaridan yana biri G‘anijon Qurbonov.

Yozyovon tumanining Gaston mahallasida ichimlik suvi yo‘q, elektr tayanchlari abgor holatda edi. Sport maydoni qurishga esa mablag‘ yo‘q edi.

“Gaston” MFYda bir qancha muammolar yig‘ilib qolgan edi. Masalan, ulardan biri ichimlik suvi, elektr tayanchlari. Sport maydonchasi qurish uchun esa mablag‘ yo‘q edi. Ushbu loyiha tufayli bizga 782 million mablag‘ ajratildi. Aholi bilan birdamlikda muammolarni hal qilish uchun belgilangan mablag‘ni yutib oldik. Yoshlar bilan birgalikda xonadonlarga kirib ovoz to‘pladik. Tumanda birinchilardan bo‘lib mablag‘ni yutib olishga erishdik. MFYda jami bo‘lib 2 319ta ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘ldik.

Sport maydoni o‘rni

Davlatimiz tomonidan berilgan imkoniyatdan foydalandik. Xonadonma-xonadon yurib, yoshlar va keksalarni yonimizga olib, ovoz yig‘dik. Ovoz yig‘ish jarayoni bir oz qiyin bo‘ldi. Berilgan taklif keyinchalik inson hayoti turmush-tarzining o‘zgarishi uchun kerakli omil ekanini aytganimizdan so‘ng aholi o‘zlari yanada jonbozlik ko‘rsatishdi.

Endilikda mahallamizga ajratilgan mablag‘ga yopiq sport maydonchasi quramiz. Ichimlik suvi tortilmagan ko‘chalarimizga 6 km lik ichimlik suvi tortamiz. Elektr tayanchlari o‘rnatamiz. Kam ta’minlangan 15 ta xonadonni ta’mirlab beramiz”, – deydi hokim yordamchisi Dilshoda Turkistonova.

Yozyovon tumani Moliya bo‘limi mutaxassisi Ahmadjon Ro‘zimatovning ta’kidlashicha, fuqarolar to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish yo‘lida imkoniyatdan foydalangan holda o‘z tashabbuslari bilan ovoz yig‘ish jarayonlarida faol ishtirok etgan.

“Joriy mavsumda “Tashabbusli budjet” loyihasiga 82ta tuman bo‘yicha taklif kelib tushdi. Tuman bo‘yicha 21 mingdan ortiq ovozlar yig‘ildi. Bu yil o‘tgan yilgiga nisbatan ikki barobarga oshganini ko‘rsatmoqda. Bu loyihaga fuqarolarimizning ishonchi tobora ortib borayotganini anglatadi. Loyiha mahallalarimiz infratuzilmasini yaxshilashga ancha yordam beradi. Tuman bo‘yicha hozirda 6ta taklifimiz g‘olib deb topildi.

Fuqarolar o‘z tashabbuslari bilan chiqib ovoz yig‘ish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda”, – deydi u. 

Marg‘ilon shahridagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 945 o‘rinli joyda 1 500 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgani bois ta’mirlashga muhtoj edi.

“Respublika  miqyosida o‘tkazilayotgan “Tashabbusli budjet” loyihasi o‘tgan yili birinchi marta tajriba bo‘lgani uchun biz ko‘p ham qiziqmagan ekanmiz. Shahardagi maktablardan biri mablag‘ yutib olganidan keyin bunga qiziqish uyg‘ondi. Davlat mablag‘i xalqniki ekaniga ishonch hosil qildik. Bizning ham maktabimizda ta’mirlashga muhtoj joylar bor edi. Sababi 945 o‘rinli joyda 1 500 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. 2022 yil birinchi choragida loyihamiz bilan qatnashdik. 4 733ta ovoz to‘plab, loyihada g‘olib bo‘ldik. 

Ota-onalar, o‘qituvchilar bilan hamjihatlikda Telegram-kanallarida targ‘ibot ishlarini olib bordik. Xalqimiz buni yaxshi qabul qildi. Chunki davlat bergan mablag‘ni o‘zi munosib ko‘rgan joyga sarflash g‘oyasini ota-onalar anglab yetdi.

Yutib olgan mablag‘imiz 423 million. Biz bu summaga oshxonamiz kafel qismini to‘liq yangilaymiz. 2ta sinf xonasini to‘liq ta’mirdan chiqaramiz. Va aynan shu xonalar uchun zamonaviy o‘quv jihozlari sotib olmoqchimiz.

Qanday imkoniyatlar bo‘lsa bolalar, farzandlar uchun. Ochiq budjetdan foydalanmaslik beparvolik bo‘ladi”, – deydi maktab direktori Umidaxon Yoqubova.

Moliya vazirligi tomonidan “Tashabbusli budjet” loyihasining 2022 yil 1-yarim yillik mavsumi uchun g‘oliblar e’lon qilindi. Mazkur loyihada Farg‘ona viloyati bo‘yicha fuqarolar tomonidan jo‘natilgan 2178ta takliflardan umumiy qiymati 115 milliarddan ortiq bo‘lgan 204ta loyiha g‘olib deb topildi. G‘olib bo‘lgan tashabbuslar soni bo‘yicha Farg‘ona viloyati respublika hududlari orasida Toshkent viloyatidan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.

Biz joylarda bo‘lib, qishloq ahli davlat bergan imkoniyatdan foydalangan holda jipslashib, o‘z muammolarini hal qilish uchun kurashgani sabab yetarli ovoz to‘plab loyihada g‘olib bo‘lganliklariga guvoh bo‘ldik.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Top