19:00 / 07.07.2022
9833

“Milliy merosga mening hissam!” aksiyasiga Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti birinchilardan bo‘lib start berdi

Foto: Milliy rassomlik va dizayn instituti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, Mo‘ynoqni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, hududdagi bugungi o‘zgarishlar, aholining turmush tarzi va kayfiyatini rangtasvir asarlari orqali talqin qilish maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rahbariyati tomonidan institutning 17 nafar ijodkor talabalari ustozlar hamrohligida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumaniga ijodiy safarga yuborildi.

Safar davomida talaba-yoshlar Mo‘ynoq tumanining bugungi kuni, tabiati, insonlari, Orol fojiasi va asoratlari, tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aks etgan 100 dan ortiq rangtasvir va grafika asarlari yaratishdi.

Joriy yilning 1 iyul kuni Toshkent fotosuratlar uyida talaba-yoshlarning Mo‘ynoq safari davomida yaratilgan ijodiy asarlari hamda jarayon fotolarini o‘zida aks ettirgan “Mo‘ynoq rassomlar nigohida: kecha va bugun” deb nomlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi hamda mazkur ijodiy safarga bag‘ishlangan ijodiy katalogning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ochib berib, tadbir ishtirokchilariga shunday dedi: “Yurtboshimiz Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zlagan nutqlarida “Bag‘rikeng, tanti, qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tayotgan qoraqalpoq xalqini e’zozlashini» ta’kidladilar. Shuningdek, “Mehr va g‘urur bilan aytaman, men nafaqat O‘zbekiston, Qoraqalpog‘istonning ham farzandiman”, deb ta’kidlaganlar. Biz ham institut rahbariyati va professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘zimizni nafaqat O‘zbek, balki Qoraqalpoq farzandi sifatida “Mo‘ynoq rassomlar nigohida: kecha va bugun” loyihasini o‘tkazishga qo‘l urdik.

Ushbu loyiha doirasida Mo‘ynoqqa talabalarni yuborish, yosh ijodkorlar tomonidan qizg‘in kutib olindi. Ijodiy safar qisqa muddatga amalga oshirilgan bo‘lsa-da, talabalar juda katta taassurot bilan qaytishdi.

Ushbu loyihada Mo‘ynoqda amalga oshirilayotgan ishlar, tumanning ekoturistik salohiyati va imkoniyatlarini amalga oshirish, Mo‘ynoq va Orol dengizi tarixi, hududning tabiati, aholining an’analari, urf-odatlari aks etgan asarlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

Xabaringiz bor, bugungi ko‘rgazma doirasida Prezidentimizning 2022 yil 27 maydagi PQ-261 sonli qaroriga muvofiq 1 iyul kundan boshlab yurtimiz bo‘ylab “Milliy merosga mening hissam!” aksiyasi e’lon qilindi. Mamnuniyat bilan shuni ta’kidlamoqchimanki, Mo‘ynoqda yaratilgan ijodiy ishlardan 34 ta hamda institut professor-o‘qituvchilari va talabalarining 20 ta, jami 54 ta ijodiy asarlarni muzeylar fondiga beg‘araz topshirishga qaror qildik.

Talabalarning ijodiy ishlarida Orol fojiasi qanchalik ta’sirli ifodalangan bo‘lsa, yangi Mo‘ynoqda amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalliy aholining kelajakka yuksak ishonch bilan qarayotganligi, qurilgan binolar va yaratilgan infratuzilma yorqin ranglarda aks ettirilgan.

Ushbu katalogda talabalarning ijodiy ishlari bilan birga Mo‘ynoqdagi ijodiy faoliyatlari aks ettirilgan fotolarning ham o‘rin olishi jarayonning to‘liq ochib berilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuni alohida e’tirof etish o‘rinliki, “Mo‘ynoq rassomlar nigohida: kecha va bugun” loyihasi bunday amaliy ishlarning debochasi. Institut jamoasi yurtimizning diqqatga sazovor har bir go‘shasi, har bir hududining o‘ziga xos tabiati va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini xalqimizga badiiy jihatdan yetuk tasviriy san’at asarlari orqali yetkazishni maqsad qilgan.

Chunki mazkur loyiha nafaqat Mo‘ynoq hayoti va islohotlar aks ettirish, balki talabalarning o‘zida ham amaliy ko‘nikmalarning shakllanishida muhim o‘rin egallaydi”.

Talabalar tomonidan yaratilgan “Rivojlanayotgan Mo‘ynoq”, “Baliqchining uyi”, “Mo‘ynoqda shom”, “Keksa daraxt”, “Sahroga aylangan Orol”, “Yomg‘irdan keyin” va boshqa asarlar tomoshabinlar va san’at ixlosmandlarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 maydagi PQ-261 sonli qaroriga muvofiq 1 iyul kundan boshlab yurtimiz bo‘ylab “Milliy merosga mening hissam!” aksiyasi boshlangan. Mazkur aksiyaga birinchilardan bo‘lib Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida start berildi. Unda professor-o‘qituvchilar, ijodkorlar va talabalar o‘zlari yaratgan asarlarini muzeylarga topshirish orqali, madaniy merosimizning yanada boyishi, milliy san’atimiz va madaniyatimiz durdonalarining saqlanishi va kelajak avlodga yetib borishiga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Tadbir doirasida institut professor-o‘qituvchilari va talabalar tomonidan mazkur loyiha uchun 54 ta ijodiy ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi, O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi va O‘zbekiston davlat san’at muzeylariga beg‘araz sovg‘a qilindi.

Mazkur asarlar ichida Sodiq Rahmonovning “So‘qoq”, Ziyodulla Farmonovning “Jyeynovlik gilamdo‘zlar” va boshqa bir qancha ijodiy asarlar madaniy merosimizning yanada kengayishiga hissa qo‘shishi tabiiy.

O‘z navbatida, mazkur asarlarni qabul qiladigan O‘zbekiston davlat san’at muzeyi direktori Vasila Fayziyeva:

Bugungi tadbir haqiqatan ham madaniy merosimizni asrab-avaylash, yurtimiz muzeylarini mazmunli asarlar bilan boyitish sari tashlangan katta qadam deya olaman. Zero, aynan mana shunday xayrli tadbirlar kelajak avlodlarimizga yurtimizning har bir go‘shasining o‘z tarixi, urf-odatlari, an’analari borligini anglatishga katta ko‘mak bera oladi”, dedi.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi direktori Azimjon Rasulov:

Institut jamoasi tomonidan muzeyimizga shunday asarlarni sovg‘a qilinayotganidan behad xursandmiz. Bu kabi loyihalar albatta, xalqimiz madaniyatining yanada yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi”, deya ta’kidlab o‘tdi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Dastgohli rangtasvir yo‘nalishi 3-bosqich talabasi G‘olib Xolmurodov safar taassurotlarini shunday ifodaladi:

Biz bir hafta davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida ijodiy safarda bo‘lib qaytdik. Tabiat go‘zalligidan, ajoyibotlaridan bahra oldik, ularning ta’sirida ilhomlanib, rasmlar chizdik.

Hozirgi kunda davlatimiz rahbari tomonidan respublikamizning barcha joylarida bunyodkorlik, qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Sayohat davomida biz Qoraqalpog‘istonda ham xuddi shunday qurilish ishlari davom etayotganini, xususan Mo‘ynoq tumani ham yildan yilga chiroy ochib borayotganiga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lib keldik. Hafta davomida turli davlatlardan tinimsiz kelayotgan sayyohlarni va ularning ko‘zlaridagi hayratlarini ko‘rib yurtimizning go‘zal maskanlari bilan faxrlandik. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu ijodiy safar institutimizning homiyligi ostida tashkil etildi va talabalar uchun zarur bo‘lgan barcha sarf-xarajatlar to‘liq to‘lab berildi. Mana bugun esa ushbu chizgan rasmlarimizning ko‘rgazmasi tashkil etilib, ular katalog holida chop etildi. Shu o‘rinda institut rahbariyati tomonidan talabalarga qilinayotgan bunday e’tibor va rag‘batlardan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarilayotganini faxr bilan aytgim keldi. 

“Mo‘ynoq rassomlar nigohida: kecha va bugun” ko‘rgazmasi 10 iyulga qadar davom etadi.

Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va dizayn instituti
Matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top