14:19 / 28.07.2022
8522

Hindiston Namanganda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi 

Joriy yilning 28 iyul kuni O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.Xo‘jayev Hindiston qishloq xo‘jaligi va fermerlar farovonligi vaziri Narendra Singx bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Uchrashuvda ikki mamlakat so‘nggi bir necha yil ichida agrar sektorda savdoni diversifikatsiya qilishga muvaffaq bo‘lgani, ammo hali ham foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Tomonlar mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga o‘zaro kirib borishi uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish orqali tovar ayirboshlash hajmini oshirish zarurligi xususida fikrga keldi. 

O‘zbekiston 6 nomdagi hind mahsulotlarini, jumladan banan, mango, soya va guruchni import qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini taqdim etdi. Hindiston tomoni uzum, anor, olma, xurmo, qalampir, pomidor, bodom va tarvuz kabi o‘zbek agrosanoat mahsulotlariga ruxsat berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Muzokaralarda ayrim qishloq xo‘jaligi kompaniyalarining investitsiya rejalari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Hozirgi vaqtda Hindistonning Indo Organics kompaniyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bunday texnologik loyihalarni ro‘yobga chiqarishda amaliy yordam ko‘rsatishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yangi yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish va erishilgan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etish uchun hamkorlikni kengaytirishda davom etishga sodiqlikni bildirdi.

Top