07:25 / 15.09.2022
21565

Afg‘oniston ShHT sammitida nima sababdan ishtirok etmasligi ma’lum bo‘ldi

Afg‘oniston Shanhay hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi davlat hisoblanadi, ammo Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitida u ishtirok etmaydi.

Foto: Sidiqullah Khan / AP

Avvalroq «Tolibon» harakati matbuot kotibi o‘rinbosari Bilol Karimiy TOLOnews’ga bergan intervyusida afg‘on vakillari hozircha Samarqanddagi ShHT sammitiga taklif etilmaganini ma’lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harakat shunga qaramay afg‘onlarga foyda keltiradigan har qanday tadbirlarni olqishlaydi va ShHT bilan yaxshi munosabatlari ijobiy natija berishiga umid qiladi. 

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Afg‘oniston ShHTning Samarqanddagi sammitida tashkilot bu davlat bilan vaqtincha rasmiy aloqalarda emasligi tufayli ishtirok etmaydi. Bu haqda ShHTning O‘zbekistondan milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov jurnalistlarga ma’lum qildi, deya xabar bergan RIA «Novosti». 

«Samarqanddagi sammitda Afg‘oniston vakili bo‘lmaydi. Shanhay hamkorlik tashkiloti bu davlat bilan vaqtincha aloqada emas», — dedi Nurimbetov brifing chog‘ida. 

Uning tushuntirishicha, ShHT xalqaro tashkilot sifatida 2021 yil avgustida faoliyatini to‘xtatgan Afg‘onistonning sobiq hukumati bilan rasmiy aloqalarni saqlab kelgan.

Avvalroq Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mavjud vaziyat tufayli Samarqanddagi ShHT sammitida ishtirok etmasligi xabar qilingandi.

ShHT sammiti 15-16 sentabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Hozirda tashkilotga O‘zbekiston, Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston va Tojikiston kiradi. Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarboyjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka. 

Mavzu
Samarqandda ShHT sammiti
15–16 sentabr kunlari Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti tashkillashtiriladi.
Barchasi
Top