15:35 / 28.09.2022
13197

“Jiyanlarim yoshligini sarflagan uy-joylar ularni davolatishga sotildi”: bir oila boshidagi cheksiz kulfatlar

Bu oilada ota-ona xasta. Uch farzandning yoshligi uy-joy tashvishida xorijda o‘tgan. Ammo kasallik sabab bularning barchasi davolashga sarflandi. Biri saraton, biri jigar sirroziday og‘ir xastaliklar bilan yashayotgan aka-ukalarga yordam zarur.

Andijon viloyatidagi bu oilada uch o‘g‘il voyaga yetgan. Turmush tashvishlari tufayli Rossiyada rizqini terishga majbur yigitlarning uchalasi ham bugun taqdir taqozosi bilan yarimjonga aylanishyapti. Ularning taqdiridan xavotirda yashayotgan keksa amakilari bu haqida shunday hikoya qiladi:

“Ukam qandli diabet bilan og‘riydi, ayoli yaqinda o‘t qopini oldirish uchun operatsiyani boshdan kechirdi. Lekin ularning farzandlari duch kelgan tashvishga qarab turolmayman. O‘rtancha jiyanimda saraton kasalligi aniqlanib, o‘z yurtimizda davolanishning imkoni yo‘qligini aytishdi. Uni Hindistonda davolatish uchun xorijlik mutaxassislarga tekshirtirib ozgina umidimiz uyg‘onganda to‘ng‘ich jiyanimga jigar sirrozi tashxisi qo‘yildi. Bu operatsiya ham murakkab bo‘lganligi uchun xorijda qilinar ekan. Ularni shu kungacha davolatish uchun aka-ukalarga atab qurilgan uylar-u, olingan yerlar hammasi sotilib ketdi. Holbuki, jiyanlarim yoshliklarini shu uylarni qurish, to‘y qilish kabi orzu-havaslar bilan Turkiyada, Rossiyada og‘ir mehnatda o‘tkazishgan edi”, - deya o‘kinadi bemorlarning yaqini.

Xurshidbekning dardga chalinganidan qayg‘uga tushgan oilaning boshiga yana bir musibat tushadi. Katta farzand Sherzodbek jigar sirrozi bilan og‘rib vatanga qaytadi.

“Ota-onamga ukamning dardi yetib ortardi – ularga aytishni ep bilmay yuraveribman. Oxiri qon qayt qila boshlaganimdan keyin o‘zi xasta ukam meni kasalxonaga olib bordi.

Shifokorlar jigar ko‘chirish operatsiyasi kerakligini aytishdi. Menga kenja ukam donor bo‘lmoqchi. Oilamizda yakka-yu yagona sog‘lom odam, xorijda ishlab hammamizni boqib turgan shu ukam edi. Endi uyam yarimjon bo‘lib qolyapti”, - deydi Sherzodbek.

Aka-ukalarning ham ikki nafardan farzandlari bor. Butun boshli oilaning a’zolari dard bilan sinalayotganiga, ularning sabr va shukr bilan boshdan kechirayotganlariga befarq qarab bo‘lmaydi. Insonlar qo‘lidan keladigan yaxshilik sabab uch zabardast o‘g‘lon o‘sgan oila parokanda bo‘lmasligiga ishonamiz.

Sherzodbek va Xurshidbek Boltaboyevlarga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 2466 0175 3733 Sherzodbek Boltaboyev nomida

Viza: 4817 7601 3628 3839 qarindoshi Ilhom Umarov nomida

Manzil: Andijon viloyati, Asaka tumani, Qo‘rg‘ontepa mahallasi 18-uy.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top