17:25 / 02.02.2023
18133

“Mendirman Jaloliddin”dan so‘ng Mehmet Bozdag‘ Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek haqida ham serial olmoqchiligini ma’lum qildi

Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan turk kinoijodkorlari hamkorligida ishlangan “Mendirman Jaloliddin” seriali prodyuseri Mehmet Bozdag‘ serial va O‘zbekiston haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Mehmet Bozdag‘

"Tarixiy serial suratga olish taklifi tushganida juda hayajonlandim. Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashuvdan so‘ng Jaloliddin Manguberdi haqida serial olishni boshladik. Suratga olish jarayonida juda ko‘p insonlar mehnat qilishdi, bosh tashabbuskor albatta, Ozodbek Nazarbekov bo‘ldi, — dedi Bozdag‘, — “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialining suratga olish jarayonida o‘zbek hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik. Ta’kidlash joizki, tarixiy serialni suratga olish juda mas’uliyatli va mashaqqatli jarayon. Aktyorlar 50–55 daraja issiqda ham og‘ir zirhli kiyimlar bilan harakat qilishdi. Otlar qatnashgan sahnalar ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bilan kechdi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zbek va turk aktyorlari o‘z vazifalarini zavq va mas’uliyat bilan bajarishdi”.

Foto: Turizm va madaniyat vazirligi

Prodyuser ushbu loyiha sabab u bolalikdan orzu qilib yurgan Samarqand, Buxoro va Xivaga sayohat qilganini aytib, tarixiy kino olish borasida o‘zini yana bir bor sinab ko‘rish imkoniyatini berganlarga minnatdorchilik bildirgan.

Kelgusida esa Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Abdulatif, Ali Qushchi, Fotih Sulton kabi ulug‘ tarixiy shaxslar hayotiga oid seriallarni suratga olish niyatida ekanligini ham ma’lum qilgan.

Top