O‘zbekiston | 15:34 / 09.05.2015
11131
2 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov Motamsaro ona haykali poyiga guldasta qo‘ydi

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosim chog‘ida Motamsaro ona haykali poyiga guldasta qo‘ydi, deya xabar bermoqda “O‘zA”.

Xotira maydonidagi an'anaviy marosimda urush va mehnat faxriylari, hukumat vakillari, jamoatchilik vakillari xorijiy diplomatlar ishtirok etdi.

Davlat rahbari urush yillarida jonlarini qurbon qilgan vatandoshlarni yodga oldi hamda faxriylarni g‘alabaning 70 yilligi munosabati bilan qutladi.

– Bugun Vatanimiz, xalqimiz Ulug‘ Vatan urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 70 yilligini keng nishonlamoqda, – dedi Islom Karimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda. – Ana shu buyuk sana bilan avvalo urushda qatnashgan, mardlik va jasorat ko‘rsatgan barcha urush faxriylarini, shular qatorida front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni, butun xalqimizni tabriklash, urush maydonlaridan qaytmagan, bugungi musaffo osmonimiz uchun jon bergan vatandoshlarimiz xotirasi oldida bosh egish barchamiz uchun ham qarz, ham farz, deb bilaman. 

Bugun hech kimga sir emas: million-millionlab odamlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan bu urush insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini bu dunyoda hech kim unutmaydi. Va fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba naqadar qimmatga tushganini yurtimizda yashayotgan har qaysi oila, har qaysi odam yana va yana bir bor anglashi, qalbidan o‘tkazishi tabiiydir, dedi davlatimiz rahbari.