16:09 / 31.07.2015
10155

Zulfiqor Musoqov: “Bir tiyinga qimmat aktyorlarni ko‘tar-ko‘tar qilish kerak emas”

“O‘zbekkino” milliy agentligining “Milliy kinomatografiya san'atining rivojlantirish muammolari va istiqboldagi rejalar” mavzusida o‘tkazilgan konferensiyasida taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov bugungi kino muhitini keskin tanqid ostiga oldi.
“Bugungi kunda yaxshi ishlar qilinmoqda, lekin juda sust. Biz ko‘proq ishlashimiz kerak. Shaxsan men hech bo‘lmasa 3-4 yaxshi rejissyorlarni tayyorlamoqchi edim. Bu borada gaplashmagan mas'ul va institut rektorlari qolmadi. Ulardan rejissyorlikka qiziqadigan yoshlar bilan shug‘ullanish uchun atigi bitta xona so‘radim. Bugungi kinematografiyaga jahon kinosini yaxshi biladigan rejissyorlar yetishmayapti. Stsenariylar ham juda-juda sayoz. Axir ssenariy yozishni bilmay turib qanday kino ishlash mumkin? “Xontaxtachilar”ni nega bunchalik ko‘tar-ko‘tar qilishyapti hayronman. Ularning ssenariysi ikkita daftar varag‘iga ham sig‘adi. Hammasi og‘zaki ko‘rsatmalar. Shunday qilib muxlislarning saviyasini tushirib yubordik. Adiz Rajabovni Alen Delon deb bilishmoqda. Adiz tushmagan filmlarga borishmaydi. Yana bir nechta yosh yulduzchalar bor. Men uchun bular bir tiyinga qimmat aktyorlar. Ularni hech qachon filmga olmagan bo‘lardim.
Bunday majlislarda nima uchundir televideniye rahbarlari qatnashishmaydi. Ular o‘zi bilmagan holda filmlarni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashmoqda. Mening filmlarim 27 yildan buyon efirda ketmoqda. Bu uchun hech kimdan pul so‘raganim yo‘q. Shunchaki xalq ko‘rsin, xulosa chiqarsin deyman. Filmlarimizning eng muhim qismlarini kesib tashlashsa, alam qiladi-da! “Bekatdagi odam” filmida avtohalokat haqidagi bir joyi bor. Agar shu filmni ko‘rishganda halokatlar soni kamaygan bo‘larmidi. Shaxsan men kino bir kishining hayotini saqlab qolsa ham o‘zimni baxtli his qilgan bo‘lardim”,- deydi Zulfiqor Musoqov.
Ta'kidlash joizki, ayni vaqtda qator xalqaro kinomukofotlar sohibi Zulfiqor Musoqov “O‘zbekfilm” kinostudiyasi bilan birga “Kuzning bir kuni” filmini suratga olmoqda.

Top