06:18 / 16.09.2015
8129

Ramzon Qodirov: islom dunyosi uyg‘onganda, “IShID” va “Al-Qoida” egalariga qiyin bo‘ladi

Islom dunyosi hali uyg‘ongani yo‘q. Bu yuz berganda “IShID” terrorchilik tashkilotiga qiyin bo‘ladi, deb hisoblamoqda Checheniston rahbari Ramzon Qodirov. Qodirov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Dushanbedagi KXShT sammitida aytib o‘tgan Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha fikrini qo‘llab-quvvatlashini yozdi.        

“Vladimir Vladimirovich vaziyatdan chiqishnining real mexanizmini taklif qilmoqda. U terrorchilikka qarshi kurash masalasida ikki yoqlama standartlardan, g‘arbga to‘g‘ri kelmaydigan hukumatlarni terrorchilik tashkilotlari yordamida o‘zgartirishdan voz kechishga chaqirmoqda”, deb yozdi Qodirov. 

Uning aytishicha, “Iblis davlati”da hech qanday muqaddas narsa yo‘q. Ular butun dunyoga mashhur diniy arboblar va ko‘p asrlik qadamjolarni yo‘q qilib islomning dushmanlari ekanliklarini isbotladilar.

“Iroq va Suriyani yo‘q qilib, ular Makka, Madina va Quddusdagi tabarruk joylarga qo‘l uzatishi aniq edi. Bularning hammasi ularning maxsus xizmatlari yordamida tashkil etilgan terrorchilik tashkilotlarini qurol, harbiy texnika va pullar bilan ta'minlayotgan g‘arb davlatlarining bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan sodir bo‘lmoqda”, deb aytmoqda Ramzon Qodirov.   

Checheniston rahbari Putinning “IShID” saflarida rossiyalik jangarilarning tayyorlanayotgani yuzasidan bildirgan xavotiriga qo‘shilishini aytdi. “Biz ushbu tahdidga qarshi kurashish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rmoqdamiz. “IShID”ga ketganlar uchun Checheniston eshiklari endi yopiq. Bu terrorchilarning pasportlarini bekor qilish bo‘yicha qonun qabul qilish kerak. Buning iloji yo‘q deydiganlarga esa qaytib kelgan bunday kimsalarni o‘z tarbiyasiga olishni taklif qilaman”, deb qo‘shimcha qildi Qodirov.  

Qodirov “Makka va Madinaga qonga botgan qo‘llarini cho‘zmoqchi bo‘lganlarni” to‘xtatib qolishga musulmonlarning kuchi yetadi, deb ishonch bilan aytmoqda. “Shuning uchun “IShID” egalariga es-hushini yig‘ishtirib olib, islom dunyosini barbod qilish bo‘yicha o‘yinlarni bas qilishni taklif qilaman. Islom dunyosi hali uyg‘onmadi. Bu yuz berganda esa “Iblis davlati” va qandaydir “Al-Qoida”larning egalariga qiyin bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Ramzon Qodirov. 

Top