12:44 / 16.10.2015
15432

Qirg‘izistonlik “yig‘layotgan shahid”ning qarindoshlari farzandlarining yaxshi inson bo‘lganini ta'kidlashdi

“Yig‘layotgan shahid”ning qo‘poruvchilikni amalga oshirishga yo‘l olayotgani qayd qilingan videolavha butun dunyoni larzaga soldi. Qirg‘izistonning kichik bir shahrida esa videoni ko‘rganlar uning “qahramon”iga qo‘shilib yig‘lashdi – marhum terrorchi ularning jigari bo‘lib chiqdi.

Qirg‘izistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan, Jalolobodning So‘zoq shahrida tug‘ilib o‘sgan Bobur Isroilov Rossiyaga ishlagani ketib, u yerdan Turkiyaga yo‘l oldi. Ushbu davlat orqali esa Suriyaga yo‘l oldi va terrorchilar saflariga qo‘shildi. Bunday voqealar juda ko‘p takrorlanmoqda va, ta'kidlanishicha, terrorchilarning qarmog‘iga asosan yoshlar ilinmoqda.
Qirg‘izistonlik Hamidullo Bakirov videodagi terrorchi uning jiyani Bobur Isroilov ekanligini tasdiqladi.

“Biz yaxshi bolani tarbiyalayotgan edik, u yaxshi inson bo‘lib ulg‘ayotgan edi. U uylanib, farzandlar ko‘rishini istagan edik. Ishlab, odamlarga foyda keltirishini istagan edik. Lekin uni aldashdi, u Suriyaga ketib qoldi”, - dedi u.
O‘ziga Ja'far al-Tayyor ismini olgan Bobur Isroilovni otasi tashlab ketgan, onasi esa erta olamdan o‘tgan. Uni xolasi va tog‘asi tarbiyalagan.

Xolasi Hamida Bakirovaning ta'kidlashicha, u maktabda yaxshi o‘qigan.
“U qanday qilib bunaqa yo‘lga kirib qolganini tushunolmay garangmiz”, - ishontirdi ayol, ko‘z yoshlarini tiyib tura olmay.

Ayni kunlarda Suriyada jangarilar tarafida turib harbiy to‘qnashuvlarda 2 minggacha O‘rta Osiyo vakillari ishtirok etayotgani taxmin qilinmoqda. Ulardan ko‘plari u yerdan o‘zlari qidirgan narsani topa olmayapti, lekin aksariyat qismi boshqa yurtiga qayta olmayapti.

Top