23:29 / 18.12.2015
5392

Chechenistonlik yozuvchi “Avatar” filmi yuzasidan 20th Sentury Fox kinostudiyasiga bildirgan da'volaridan voz kechishga tayyor

Chechenistonlik yozuvchi Ruslan Zakriyev “Avatar” filmini yaratishda uning g‘oyasini ishlatishda ayblayotgan AQShning 20th Sentury Fox kinostudiyasi va rejissyor Jyeyms Kemeronga nisbatan o‘z da'volaridan voz kechishga tayyor. Bu haqda yozuvchi TASS axborot agentligi muxbiriga ma'lum qildi.

“Bundan avval mening advokatim Kemeronning yordamchisi Tom Klensidan maktub oldi, unda AQSh tomoni chechenistonlik kinematograflar bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan. Bunday vaziyatda men o‘zimning da'volarimdan to‘liq voz kechishga tayyorman, chunki men ijodkorman va bu men uchun sudlashish yoki tovon pulidan muhimroq”, deb aytdi Zakriyev.

Bu haftada Zakriyev Moskvaning Xamovnich tuman sudiga 20th Sentury Fox ustidan da'vo arizasi topshirdi. U o‘zining arizasida kinokompaniyani “Avatar” filmini suratga olishda mualliflik huquqlarini buzganlikda ayblagan va javobgardan moddiy zarar sifatida 10 mln rubl tovon puli undirilishini so‘ragan.

Aprelda Stavropol o‘lkasining tuman sudi Zakriyevning “Avatar” filmi ssenariysi muallifi sifatida tan olinishi haqidagi da'vo arizasini qabul qilishdan bosh tortgan. 3 iyulda Stavropol o‘lkasi sudi adibning shikoyatini qondirishdan bosh tortgan va tuman sudi chiqargan qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan.

2010 yilda Ruslan Zakriyev “Avatar” filmi g‘oyasi 2002 yilda internetda chop etilgan uning “Total urush – maxfiy qurol” (“Totalnaya voyna - Sekretnoye orujiye”) romanidan olinganini birinchi bor aytgan.

“Avatar” fantastik filmi 2009 yilda ekranlarga chiqarilgan. Film 9 yo‘nalish bo‘yicha “Oskar” mukofotiga nomzodi qo‘yilgan va film ulardan uchtasida g‘olib bo‘lgan. “Avatar” tijoriy jihatdan tarixdagi eng muvaffaqiyatli film hisoblanadi. U keltirgan foyda 2,7 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladi.

Top