12:40 / 25.12.2015
13277

National Interest: Shimoli-Sharqiy Osiyo tig‘ uchida yuribdi

O‘z ichiga Xitoy, Yaponiya, Shimoliy va Janubiy Koreyalarni oluvchi mintaqada kutilmaganda urush boshlanib ketishi mumkin, shu bois AQSh bu davlatlarda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish yo‘lida harakat qilishi lozim, deb hisoblaydi National Interest kolumnisti.

Maqola muallifining fikriga ko‘ra, ixtilof keltirib chiqaradigan bir qancha omillar bor. Birinchi navbatda Xitoy va Yaponiya manfaatlarining to‘qnash kelishi kutilmoqda; ushbu davlatlar yaqin orada ittifoqchi bo‘lishi biror bir ekspert tomonidan bashorat qilinmayapti. Ayni paytda Yaponiya AQSh bilan birgalikda mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlamoqda, bu esa Sharqiy Osiyoda yetakchilikka da'vo qilayotgan XXRga yoqmaydi.
Janubiy Xitoy dengizi ham mana shunday qaynoq nuqtalardan biri bo‘lib turibdi. Suv hududlari atrofidagi bahslar ham to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkin. Raqobat allaqachon boshlanib ketgan, ayrim davlatlar kuchlarini namoyish qilish yo‘li bilan bahsda yutib chiqishga intilmoqda.

Nihoyat, uchinchi xavfli omil KXDRdir. Kim Chen Inning xatti-harakatlari butun dunyoning noroziligiga sabab bo‘layotganiga qaramay, maqola muallifining fikricha, aynan uning qulashi mamlakatda va butun mintaqada uzoq yillik harbiy to‘qnashuv va ixtiloflarga olib kelishi mumkin. Bu birinchi o‘rinda Janubiy Koreyaga ta'sir o‘tkazadi. Shu bois Seul Pxenyandagi rejimni saqlab qolishga intilmoqda.

Top