14:13 / 01.06.2016
6914

Ekvator Gvineyasi bilan o‘yin uchun sotilgan chiptalarni qaytarish shartlari ma'lum qilindi

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi milliy terma jamoaning Ekvator Gvineyasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini uchun sotilgan chiptalarni qaytarib oladi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar berdi.

Buning uchun chipta sotib olishga ulgurgan futbol muxlislari avvaliga bank nomiga ariza yozishi, keyin esa dalolatnoma tuzishda ishtirok etishi, sotib olgan chiptasini qaytarishi va albatta propiska ma'lumotini ko‘rsatgani holda pasport nusxasini taqdim etishi talab etiladi.

O‘FF rasmiy sayti sotib olingan chiptalar puli qay tartibda qaytarilishiga oydinlik kiritmagan. Biroq 2 iyun kungi uchrashuv qoldirilgani haqidagi xabarida O‘FF sotilgan chiptalarni qaytarib olish mas'uliyatini o‘z bo‘yniga olishi ma'lum qilingan.

O‘zbekiston va Ekvator Gvineyasi terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin chiptalari 28 may kunidan boshlab sotuvga chiqarilgan bo‘lib, chiptalar narxi barcha kategoriyalar uchun 15 ming so‘m, CIP kategoriya uchun esa 30 ming so‘m qilib belgilangandi. Uchrashuv bekor qilingani haqida 31 may kuni e'lon berildi.

Chiptalar sotuvga chiqarilganida, ularni xarid qilish uchun pasport ma'lumotlari so‘ralmagandi. Chipta pulini qaytib olishda esa quyidagi ma'lumotlar talab qilindi:

1. Xizmat ko‘rsatuvchi bankning tranzit hisob raqami (Bankning MFO kodi va STIRi) ko‘rsatilgan holda o‘rnatilgan tartibda ariza yoziladi.
2. Chiptani qaytib olish haqida dalolatnoma tuziladi. Dalolatnoma «Bunyodkor» stadioni ma'muriyati tomonidan tayyorlanadi;
3. Propiska ma'lumotlari ko‘rsatilgani holda pasport nusxasini taqdim etiladi;
4. Sotib olingan o‘yin chiptasi taqdim etilishi kerak.

Top