10:23 / 24.07.2016
5905

«Napoli» muxlislari Higuainni sotqinlikda ayblab, norozilik belgisi sifatida uning futbolkasini yoqishdi

«Napoli»ning asosiy hujumchisi Gonsalo Higuainning chempionatdagi asosiy raqib jamoa bo‘lgan «Yuventus»ga o‘tishi haqidagi xabarlar muxlislarning g‘azabini keltirdi. 23 iyul oqshomida Neapol shahri ko‘chalarida muxlislar tomonidan norozilik namoyishi o‘tkazildi.

Football Italia xabariga ko‘ra, muxlislar Neapol shahri markazida to‘planishgan va Higuainning suratini yirtib va uning nomi tushirilgan futbolkani yoqib yuborgan. Shunday futbolkalardan biri unitazga tashlangan va bu holat tasvirlari ijtimoiy tarmoqlar bo‘ylab tarqatilgan.

Shuningdek, parallel ravishda kechayotgan «Napoli»-«Trento» o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtda muxlislar argentinalik hujumchining sha'niga haqoratli so‘zlar bitilgan bannerlarni ko‘targan.

«Biz g‘azabdamiz. U bunday qilmasligi kerak edi. Iguain biz uchun shunchaki jamoa a'zosigina emas, jamoamiz ramzi edi. U esa bir lahzada bizni sotdi. U o‘zining nimadan yaralganini ko‘rsatib qo‘ydi.

Maradona hech qachon bizga nisbatan bunday ish qilmagan bo‘lar edi», - deydi muxlislardan biri.

Higuain «Yuventus» 94,7 mln yevro evaziga transfer qilinmoqda. U Madridda turinliklar jamoasi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tgan. Uning yangi jamoasidagi maoshi yiliga 7,5 million yevroni tashkil qiladi.

O‘tgan mavsumda Higuain neapolliklar jamoasining 34 uchrashuvida maydonga tushib, 36 gol urgan va Italiya chempionati to‘purari bo‘lgandi.

Manba: Tribuna.uz

Mavzuga oid
Top