11:22 / 08.10.2016
5067

Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro sayyohlik yarmarkasi yakunlandi

Foto: O‘zA

Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” XXII Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi yakunlandi. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tomonidan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan mazkur anjumanda O‘zbekiston, Yaponiya, Chili, Fransiya, Rossiya, Litva,  Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Portugaliya,  Tailand, Turkiya,  Turkmaniston kabi davlatlardan yuzdan ziyod sayyohlik firma va kompaniyalar vakillari  ishtirok etdi, deb yozmoqda O‘zA.  

Xalqaro sayyohlik yarmarkasi qiziqarli taqdimotlar, foydali muloqotlarga boy bo‘ldi. Yarmarka ishtirokchilari sohadagi yutuqlar, yangiliklar bilan tanishdi. Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, mazkur sohada kadrlar tayyorlash bo‘yicha yaratilgan tizim, ekoturizmni rivojlantirishga oid dasturlar xususida ma'lumot berildi.    

– O‘zbekistonda sayyohlik sanoati keng rivojlangan, – dedi Tailand sport va turizm vaziri Kobkarn Vattanavrangkul. – Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi qadimiy shaharlaringiz, xalqingizning noyob madaniy va ma'naviy merosi yurtingizga sayyohlarni jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu bebaho madaniyat durdonalarini asrash va chuqur o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan izchil va keng ko‘lamli ishlar tahsinga loyiq. Mazkur yarmarka nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda turizm sohasini yanada rivojlantirish, bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi.

Milliy va xalqaro sayyohlik tashkilotlari, mehmonxona va restoranlar, muzeylar, bank xizmatlari, sug‘urta kompaniyalari hamda sanatoriy va dam olish maskanlari vakillari ishtirok etgan yarmarkada mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, ekoturizm imkoniyatlari  va noyob me'moriy obidalarimiz aks etgan eksponatlar, xalq hunarmandligi buyumlari tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi. 

– O‘zbek hunarmandlari yasagan buyumlar jozibasi, turfa rangdagi jilosi bilan ko‘zni quvontiradi. Ularda qadim tarixingiz, xalqingizning yuksak intellektual va ijodiy salohiyati o‘z ifodasini topgan, – deydi “Intur Maldive” kompaniyasi direktori Ali Firoq (Maldiv orollari). – Yurtingizda ushbu bebaho ma'naviy merosni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazishga bo‘lgan e'tibor jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishga xizmat qilayotir. Biz ham turizmni rivojlantirish bo‘yicha samarali kelishuvlarga erishdik. Poytaxtingizdagi “Aznur treyvl” firmasi bilan hamkorlikka oid shartnoma imzoladik. Kelgusida O‘zbekiston va Maldiv orollari o‘rtasida turistlar almashuvini kengaytirish maqsadida charter aviareyslarni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Yarmarkaning “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” milliy pavilonida ham ish qizg‘in ruhda kechdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning sayyohlik salohiyati keng namoyish etildi. Tadbir qatnashchilari maxsus ekspozitsiyalarda o‘zbek milliy taomlari va turli meva-sabzavotlardan tatib ko‘rdi, milliy hunarmandlik buyumlarini xarid qildi. Sopol buyumlar, ganch o‘ymakorligi, qo‘g‘irchoqlar kabi mahsulotlarni tayyorlash, kashtado‘zlik, zardo‘zlik bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi. O‘zbek milliy liboslari namoyishi va savdosi uyushtirildi. Milliy musiqiy merosimiz,  hududlarning folklor san'atiga oid taqdimotlar tadbir qatnashchilari, ayniqsa, xorijlik mehmonlarga manzur bo‘ldi.

Yarmarka doirasida tashkil etilgan “Hosted Buyers” (Professional xaridorlar) dasturi istiqbolli sheriklar va xaridorlar o‘rtasidagi uchrashuvlarni oldindan belgilash, ularga muayyan imtiyozlar berish orqali sohada ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Tadbir doirasida “Ekologik turizm – atrof-muhitni muhofazalash va barqaror rivojlanish omili: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot”, yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish masalalari, aholiga bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatishning bugungi holati va istiqbollariga oid xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar ham tashkil etildi.

Eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi taqdimoti, kompaniya va mehmonxona taqdimoti, eng yaxshi stend, tematik bo‘lim va turistik imkoniyatlar, eng yaxshi servis, eng yaxshi dizayn, ko‘p yillik va sermahsul hamkorlik kabi qator yo‘nalishlarda tanlovlar g‘oliblari  taqdirlandi.

Bahor XIDIROVA,
O‘zA muxbiri

 

Top