17:54 / 07.11.2016
9974

Saakashvili iste'foga ketish sabablarini ma'lum qildi

Foto: RIA «Novosti»

Ukrainaning Odessa viloyati gubernatori Mixail Saakashvili iste'foga chiqishi xususida bayonot bergani xaqida avval xabar qilingan edi. U matbuot brifingida ukrain mulozimlari tomonidan barpo etilgan to‘siqlarga qarshi kurashishdan charchaganini qayd etgan. Siyosatchi Ukrainaning hozirgi rahbariyatini faqat o‘z «cho‘ntaklarini qappaytirish»ga urinayotganlikda va «o‘z qavmlarini kuchaytirish» bilan ovora ekanlikda aybladi. 

«Men iste'foga chiqishga va kurashning yangi bosqichini boshlashga qaror qildim. Men qo‘limni tushirmayman. Men charchamayman. Ular mendan qutulishga umid ham qilishmasin, buni xayollariga ham keltirishmasin», — degan Saakashvili.

Uning ta'kidlashicha, Ukrainada hokimiyat o‘zgarishi mamlakatni korrupsiyadan xalos etmagan. Shu boisdan ham, u prezident Pyotr Poroshenko va sobiq davlat rahbari Viktor Yanukovich boshqaruvi o‘rtasida jiddiy farq ko‘rmayapti, chunki mulozimlar «avval o‘g‘irlaganlaridek, yana o‘g‘irlashmoqda».

«Poroshenko yoki Yanukovich? Xalqni kim o‘marishining nima farqi bor? Prezident Poroshenko Yatsenyuk xalaqit qilganini aytgandi. Biz «Tozalash uchun» harakatini tashkil etdik va Yatsenyukdan qutulishga yordam berdik. ...Prezidentning o‘zi shaxsan ikkita qabilani qo‘llab-quvvatlaydi. Bularning biri 1990-yillardagi Odessa shahri meri Gennadiy Truxanov qotillaridan iborat guruh, boshqasi Odessa viloyat kengashi raisi Anatoliy Urbanovning Izmail qabilasi», — degan siyosatchi. 

Odessa gubernatori Ukraina IIV rahbari Arsen Avakov hamda Davlat nazorat-taftish xizmati rahbari Roman Nasirovni “korrupsiya ustunlari” deya ayblagan. 

Saakashvilining so‘zlariga ko‘ra, davlat mulozimlarining daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalari uning «sabr kosasini to‘ldirgan so‘nggi tomchi» bo‘lgan. 

Eslatib o‘tamiz, Mixail Saakashvili Odessa viloyat ma'muriyatiga 2015 yil 30 mayida rahbarlik qilishni boshlagan edi. U bu lavozimga Pyotr Poroshenko tavsiyasi bilan tayinlangan edi. 

Top