14:09 / 01.12.2016
6637

Ukraina janubida raketa o‘quv mashqlariga start berildi

Foto: © AP

Ukraina janubida raketa o‘quv mashqlari boshlandi. Bu haqida Ukrainaning "Yug" Havo qo‘mondonligi matbuot markazi rahbari Vladimir Kryjanovskiy "112 Ukraina" telekanali efirida ma'lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘quv mashqlari o‘rta uzoqlikda harakatlanuvchi zenit raketalarining nazorat sinovlaridan iborat bo‘lgan. Gap  S-300 raketalari haqida bormoqda. 

"Hammasi rejadagidek ketmoqda", - dedi Kryjanovskiy.

"Otishmalar sektoriga nazar soladigan bo‘lsak, Qrim havo kengligiga eng yaqin yondashuv nuqtasi 30 kilometrdan kamroqni tashkil etadi. Xalqaro qonunchilik me'yorlariga ko‘ra, bu ancha katta masofa hisoblanadi", - qo‘shimcha qildi "Yug" Havo qo‘mondonligi matbuot markazi rahbari. 

Keyinroq Rossiya transport vazirligi rahbar o‘rinbosari Ukraina o‘quv mashqlari hududlari Rossiya aviakompaniyalarining Qrim yo‘nalishidagi parvozlariga ta'sir o‘tkazmasligini aytdi. Rosaviatsiyada Kiyev otishmalar zonasini Rossiyadan g‘arb tomonga surganligini ma'lum qilishdi. Ukraina hukumatining shu mazmundagi xati idoraga kelib tushgan. 

Rosaviatsiyada ma'lum qilishlaricha, Ukrainaning harakatlari barcha xalqaro kelishuvlarga zid bo‘lib, bu fuqarolik samolyotlari uchun xavf uyg‘otishi mumkin. 
 

Top