21:52 / 08.12.2016
7900
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri YeXHT TIV Kengashida ma'ruza qildi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Germaniyaning Hamburg shahrida YeXHT TIV Kengashining anjumanida ishtirok etib, unda ma'ruza qildi. Bu haqda, TIV matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Kamilov sammit mezboni, YeXHT raisi, Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyerga mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirib, 2016 yil 4 dekabrda O‘zbekistonda tashkil etilgan prezidentlik saylovi natijalari hamda dastlabki sanashlarga ko‘ra, nomzod Shavkat Mirziyoyev 88,6 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozongani xususida hamkasblariga ma'lumot bergan. 

Abdulaziz Kamilov, shuningdek, prezidentlik saylovida 47 davlatdan kelgan 600dan ortiq xalqaro kuzatuvchi qatnashgani, xususan, BMT, YeXHT, ShHT, MDH, IHT va Butunjahon saylov komissiyalari uyushmasi kabi obro‘li xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari qatnashganini ta'kidlagan. 

U YeXHT IDemokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ilk marotaba to‘liq missiyasini tashkil etganini alohida e'tirof etgan. Tashqi ishlar vazirining aytishicha, O‘zbekiston YeXHT bilan respublika saylov tizimini takomillashtirish va mustahkamlash yo‘lida amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyordir. 

O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston tashqi siyosatda o‘z manfatlaridan kelib chiqqan holda, BMT nizomi, YeXHT Xelsinki yakuniy aktida qayd etilgan xalqaro huquq tamoyillari va O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan me'yorlar va boshqa zimmasiga olgan xalqaro huquq majburiyatlariga rioya qilishini ta'kidlagan. 

O‘zbekiston, shuningdek, boshqa davlatlarning ichki ishiga aralashmaslik, yuzaga keladigan ziddiyatlarni tinch, siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal etish tarafdori bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, respublika har qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmaslik, o‘z hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik, o‘z harbiylarini mamlakat tashqarisiga safarbar qilmaslik borasida prinsipial va yagona qarorni qabul qilgan. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi eng asosiy o‘rin egallaydi. Ya'ni o‘zining yaqin qo‘shnilariga nisbatan yaxshi qo‘shnichilik va pragmatik siyosat yuritish tarafdori bo‘lib qoladi. 

Mintaqaga jiddiy xavf-xatar va tahdidlar soya solayotgan bir vaqtda, turli g‘oyalar va oqimlarning keskin to‘qnashuvi yuz berishi mumkin bo‘lgan Markaziy Osiyoni xavfsiz va barqaror rivojlanayotgan mintaqaga aylantirish, unda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish hamda mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy maqsadlaridandir. 

Kamilov Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan beqaror vaziyat mintaqaga jiddiy xavf solayotganini ta'kidlagan. Bunday sharoitda, ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik qaror topishi, markaziy hukumat va asosiy siyosiy kuchlar, shu jumladan Tolibon harakati o‘rtasida sulh kelishuviga erishishda ko‘maklashish muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlagan. 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri, sammit ishtirokchilari diqqatini Markaziy Osiyoda ekologiyani himoya qilish va atrof-muhitni saqlab qolish ham jiddiy muammolardan biri ekaniga qaratgan. Orol dengizi qurishi bilan yuzaga chiqqan ekologik fojia oqibatlari muammoning juddiyligini tasdiqlaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi tashkilotning transmilliy tahdidlar, xususan, terrorizm va radikalizm, giyohvand moddalar savdosi va kiberjinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Abdulaziz Kamilov nutqining so‘nggida, Germaniyaning tashkilotdagi raisligi uchun yana bir bor minnatdorchilik bildirib, YeXHT raisligini qabul qilayotgan Avstriya hukumatiga oson bo‘lmagan masalalarni hal etishda muvaffaqiyat tilagan. 

Top