16:27 / 26.12.2016
14005

Poroshenko maslahatchisi Rossiya elchixonasiga «Boyarishnik» olib borishni maslahat berdi

Illyustrativ foto

Ukraina prezidentining maslahatchisi Yuriy Biryukov Rossiyaning Tu-154 samolyotining Qora dengizga qulab tushganiga oid fikr bildirdi. U ushbu fojia munosabati bilan Rossiya elchixonasiga «Boyarishnik» (do‘lana) eritmasidan olib borish istagi borligi haqida yozgan.  

«Bu eng g‘aroyib voqelik — qo‘shni o‘rda aholisi o‘rda armiyasining 80 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganidan nima uchun xursand bo‘layotganimizni tushunishmaydi. <...> RF Mudofaa vazirligi samolyoti qulab tushdi... Shu munosabat bilan birgina xohish paydo bo‘ldi — elchixonaga bir shisha «Boyarishnik» olib borish», — deb yozgan Biryukov Facebook sahifasida.

Yuriy Biryukov

Uning fojiaga bunday yondashuvi ijtimoiy tarmoqdagi ko‘plab foydalanuvchilarni g‘azablantirdi. 

Xususan, aktyor Yefim Shifrin Kiyev tomonidan bu tarzda izoh berilishini tasavvur ham qilmaganini aytar ekan, «tinch aholi vakillari o‘limi bilan bog‘liq musibat yetganda qayg‘urish yoki jim turish» kerakligini xotirlatgan. 

«Xaritaga ko‘ra, qadrdon qo‘shnilar. Men hech qachon bunday murojaatlar qilmaganman. Hech bir millat madaniyati, axloqiy me'yorlari o‘lganlarni masxara qilishga ruxsat bermaydi. Tinch aholi vakillari hayotdan ko‘z yumganda esa, qayg‘urish yoki sukut saqlash qabul qilingan. Iltimos, ikkinchisini tanlanglar: u sizlardan ortiqcha kuch talab qilmaydi. Men bilamanki, sizlardan ko‘pchilik ishonadigan kishilardir. Men bu kabi izohlarni hamdardlik sifatida qabul qila olmayman. Iltimos, bas qiling...» — deb yozgan aktyor Facebook sahifasida.

Yefim Shifrin

25 dekabr kuni ertalab, Rossiya mudofaa vazirligining Sochidan Xmeymim aviabazasiga uchayotgan Tu-154 samolyoti radar ekranlaridan yo‘qolgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi

Keyinroq, Sochidan sohilidan 1,5 km uzoqlikda Tu-154 qoldiqlari topilgani xabar qilindi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, uning bortida ekipaj a'zolari bilan birga 92 kishi bo‘lgan. 

Mavzuga oid
Top