17:19 / 26.12.2016
13515

Toshkentda O‘zbekiston – Afg‘oniston hukumatlararo komissiyasi majlisi bo‘lib o‘tdi

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida Savdo, transport va energetika bo‘yicha O‘zbekiston – Afg‘oniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA axborot agentligi xabar qilmoqda.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, energetika, neft-gaz, bojxona, transport va transport kommunikatsiyalari, temir yo‘l, aviatashuv, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan vazirlik va idoralari rahbar va vakillari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, komissiya hamraisi Elyor G‘aniyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo, iqtisodiyot, transport va energetika sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladi. 

O‘zbekiston Afg‘onistondagi qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati va ta'lim sohalaridagi loyihalarda ishtirok etib kelmoqda. Mamlakatimizning yordami bilan Afg‘onistonda ko‘priklar, yuqori voltli elektr liniyalari, optik-tolali kabel liniyalari, suv ta'minoti tarmog‘i barpo etilgan. «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Hayratondan Mozori Sharifgacha temir yo‘l liniyasi qurilgan. 

Mamlakatimizdan Afg‘onistonga elektr energiyasi, meva-sabzavotlar, neft mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar eksport qilinmoqda. 2016 yilning yanvar-oktabr oylari yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 429 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda afg‘onistonlik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan 70 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular savdo, xizmat ko‘rsatish, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda ish yuritmoqda. 

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha katta maslahatchisi, komissiya hamraisi Humoyun Qayumiy iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p ekanini ta'kidladi. Infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekistonning Afg‘onistonda iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shayotganini qayd etdi. 

Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat samaralari, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoitlar, yurtimizning eksport salohiyati, industrial zonalardagi imkoniyatlar bilan tanishtirildi. O‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish lozimligi ta'kidlandi. O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etildi. 

Majlisda o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va nomenklaturasini kengaytirish masalalari haqida so‘z yuritildi. Savdo, energetika, transport va transport kommunikatsiyalari, tranzit, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l, mashinasozlik kabi sohalardagi aloqalarni rivojlantirish, Afg‘onistonga elektr, maishiy, qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalarini eksport qilish, birgalikda o‘zaro foydali loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Afg‘oniston delegatsiyasi a'zolari mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o‘tkazdi. Sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Top