12:10 / 04.04.2017
11459

Toshkentda tanishini o‘ldirgan shaxs 20 yilga qamaldi

1973 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan Ko‘paysin Sadirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2015 yilning dekabr oyida poytaxtga ishlash uchun kelib, duch kelgan yumushlarni bajarib, kun kechira boshladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Keyinchalik u Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi Botir ismli kishi bilan tanishdi. Tanishuvni bir shisha aroq bilan nishonlashdi. Shu-shu ularning har galgi uchrashuvi spirtli ichimliksiz o‘tmaydigan bo‘ldi.

O‘tgan yilning 12 martda kuni bilan ishlab charchagan Ko‘paysin, kechki ovqat tanovvul qilish uchun shu atrofdagi kafega kirdi. Avvaliga 100 gramm aroq buyurdi. Ovqatlangandan keyin “ishtahasi ochildi”, yana 200 gramm aroq olib ichdi. Shu payt kafega Botir kirib keldi. U Ko‘paysinni ko‘rib xursand bo‘lib ketdi-da, ichkilik va sigaret uchun qarzga ozroq pul so‘radi. Ko‘paysin tanishining iltimosini yerda qoldirmadi. Ozroq pul berdi, qo‘shimchasiga 100 gramm aroq bilan siyladi.

O‘rinlaridan turganlaridan keyin Botir ulfatchilikni davom ettirish uchun uni uyiga taklif qilish barobarida yana aroq olishni iltimos qilgan edi, Ko‘paysin yo‘l-yo‘lakay bir shisha aroq bilan kolbasa sotib oldi. Botirning uyiga kirib, ulfatchilikni davom ettirishdi. Ko‘p o‘tmay aroq shishasi bo‘shadi. Ikkovlon yana do‘konga kelishdi. Bir piyoladan ichishgandan keyin oralaridan gap qochdi. “G‘idi-bidi”, zum o‘tmay janjalga aylandi. Mushtlashuv boshlandi. Yaxshigina mast bo‘lgan Ko‘paysin Botirdan bir-ikki tepki yegach, alamiga chidolmadi. Bir chetda yotgan pol yuvish moslamasi (shvabra)ni qo‘liga olib, Botirning boshiga tushirdi. Botir zarbdan muvozanatini yo‘qotdi. Yiqilmadi-yu, devorga suyanib qoldi. Ko‘paysin vaqtni o‘tkazmay televizorning simini yulib oldi va shosha-pisha Botirning bo‘yniga o‘rab, bo‘g‘a boshladi. Raqibi yiqilgach, shvabra bilan uning peshonasini mo‘ljallab, zarba berdi. Botirning peshonasidan qon oqayotganini ko‘rib, battar jazavaga tushdi. Yostiq topib kelib, uning yuziga kuch bilan bosdi. Bu ham yetmaganidek, boshiga ikki-uch marta tepdi. Bu paytda xirillab yotgan Botir jim bo‘lib qolgan edi.

Ko‘paysin shundan keyingiga o‘ziga kelgandek bo‘ldi. To‘satdan fikri biroz tiniqlashgandek bo‘lib, bu yerdan quruq qo‘l bilan chiqib ketmaslik payiga tushdi. Xonalarni titib, qozon, changyutgich, televizor, erkaklar tuflisi kabi, jami qiymati 1 mln. 610 ming so‘mlik buyumlarni olib, xonadonni tark etdi.

U katta yo‘lga chiqib, yo‘lovchi mashina to‘xtatdi. “Yangiobod” bozoriga yetib borgach, o‘g‘irlangan buyumlarni bor-yo‘g‘i 250 ming so‘mga sotib yubordi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi tomonidan Ko‘paysin Sadirovga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Top