10:44 / 27.04.2017
4676
Venesuela Amerika davlatlari tashkilotini tark etishga qaror qildi

Venesuela Amerika davlatlari tashkiloti (ADT) tarkibidan chiqish jarayonini boshlaydi, chunki bu blokning me'yorlari buzilishiga chidab turolmaydi. Bu haqda tvitterda Venesuela tashqi ishlar vaziri Delsi Rodriges ma'lum qildi.

"Biz ko‘p taraflilik ruhi ustun bo‘lishi uchun imkoniyatlar taqdim qildik, biroq tashkilotning muqaddas qoidalarining buzilishi ustunlik qildi. Venesuela ADTdan chiqadi, chunki unda mustaqillik, suverenitet, sha'n bor, u buni tinchlik va davlatimiz kelajagi uchun qilmoqda", deb yozdi Rodriges. Taxmin qilinishicha, Karakasning ADTdan chiqish jarayoni ikki yil vaqt oladi. 

Rodriges agar ADT Venesueladagi vaziyat bo‘yicha uning roziligisiz yig‘ilish o‘tkazsa, uni tark etishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Bunday uchrashuvni o‘tkazish haqidagi qaror 26 aprelda qabul qilindi.

Bu orada Venesuela prezidenti Nikolas Maduro mamlakatni ADTdan chiqarish jarayonini darhol boshlashga buyruq berdi.  

1948 yilda tashkil etilgan ushbu tashkilot tarkibiga Shimoliy, Janubiy va Markaziy Amerikaning 35 ta davlati kiradi. Uning bosh qarorgohi Vashingtonda joylashgan, uning bosh kotibi Luis Almagro hisoblanadi. 

Aprel boshidan beri Venesuelada hukumatga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Ularning aksariyati politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketmoqda. Hozirga kelib prezident tarafdorlari va unga qarshi chiquvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonliklar 26 nafardan ko‘proq kishining umriga zomin bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top