Vente Venezuela muxolifat harakati professor Korina Yorisni Venesueladagi prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida körsatdi. Harakat rahbari Mariya Korina Maçado bu haqda 23 mart kuni nomzodlarni röyxatga oliş muddati tugaşiga bir neça kun qolganida ma’lum qildi. «U mening töliq işonçim va qöllab-quvvatlaşimga ega», dedi Maçado. 

Yoris saylovlarda ğalaba qozonsa, birinçi navbatda siyosiy mahbuslarni ozod etişini aytgan. Ilgari muxolifat nomzodi sifatida tanlangan Vente Venezuela yetakçisiga yanvar oyida Oliy sud tomonidan 15 yilga davlat lavozimlarida işlaş taqiqlangan edi. Aksariyat taniqli muxolifat siyosatçilari sud qarori bilan öz nomzodlarini körsata olmayapti. 

Maduro muxolifat bilan kelişuvlarni buzganlikda ayblanmoqda 

Maçado Venesuela rahbari Nikolas Maduroni Barbados muxolifat kelişuvlarini buzganlikda aybladi. Bitimlar 2023 yilda tuzilgan va xalqaro kuzatuvçilar iştirokida erkin va oşkora saylovlarni ötkazişni nazarda tutgan. Kelişuvlar natijasida Qöşma Ştatlar Karakasga qöyilgan ayrim sanksiyalarni vaqtinça bekor qildi. 

Bolivar respublikasida prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bölib ötişi kutilmoqda. Hukmron Venesuela Yagona sotsialistik partiyasi Maduroni öz nomzodi sifatida körsatgan. Siyosatçi 2013 yildan buyon Janubiy Amerika davlatini boşqarib keladi. Muxolifat 2018 yilgi saylovlarni boykot qildi, şundan söng Maduro özini davlat rahbari deb e’lon qilgandi. 

Maduroning iste’fosini talab qilgan namoyişlar 

2019 yil yanvar oyida öşa paytda Venesuela Milliy assambleyasi (parlamenti) raisi bölib işlagan Xuan Guaydo qasamyod keltirib, özini mamlakatning muvaqqat prezidenti deb e’lon qildi. Uni Maduroning iste’fosini talab qilib, mamlakat köçalariga çiqqan ön minglab odamlar qöllab-quvvatladi. Germaniya, AQŞ va 50 dan ortiq boşqa davlatlar Guaydoni Janubiy Amerika davlatining vaqtinçalik prezidenti sifatida tan oldi. Rossiya Maduroni qöllab-quvvatladi.

2022 yil oxirida Venesuela parlamenti Guaydo hukumatini tarqatib yuboriş uçun ovoz berdi. 2023 yil aprelida siyosatçi Maduro hukumati tomonidan ta’qib qiliniş tahdidi tufayli AQŞga ketişini e’lon qildi.