Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashdi. Bu haqda Qozog‘iston rahbari rasmiy sayti xabar bergan.
Uchrashuvda O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev, Qozog‘iston - S.Jasuzakov, Xitoy Xalq Respublikasi - Chan Vantsyuan, Rossiya - S.Shoygu, Tojikiston - M.Sherali, Qirg‘iziston Bosh shtabi boshlig‘i - R.Duyshenbiyev, ShHT Bosh kotibi R.Alimov ishtirok etdi.
Qozog‘iston rahbari kirish so‘zida ShHT a'zo davlatlari mudofaa vazirlarining Ostonada tashkilotga a'zo davlatlar rahbari Kengashi yig‘ilishi va “Ekspo-2017” xalqaro ko‘rgazmasi oldidan uchrashuv o‘tkazishi muhim ekanini ta'kidlab o‘tdi.
- Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘zini jiddiy mintaqaviy birlashma ekanini ko‘rsatmoqda, u bir-biriga madaniy, hududiy, tarixiy nuqtai nazardan yaqin bo‘lgan davlatlarning iqtisodiy hamkorligi masalalarini hal etish maqsadida yaratilgandi, - degan Qozog‘iston prezidenti.
Nazarboyev Shanxay xartiyasi qabul qilinganiga 15 yil bo‘lgani va o‘tgan davr davomida katta hajmda qo‘shma ishlar bajarilganiga e'tibor qaratdi.
- Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari Kengashi yig‘ilishida ikki yirik davlat – Hindiston va Pokistonni tashkilotimizga qabul qilish nazarda tutilgan. Shu tariqa, ShHT Yer sayyorasining qariyb 40 foiz aholisini birlashtiradi. Asosiysi – yuzaga kelayotgan masalalarni konsensus asosida hal qilishga asoslangan “Shanxay ruhiyatini” saqlab qolish, - degan u.
Qozog‘iston prezidenti tashkilot faoliyatida iqtisodiy tarkibiy qismlarni mustahkamlash zarurligini ta'kidlab o‘tdi.