22:31 / 15.06.2017
8615

AQSh IShIDning 3 qo‘mondoniga qarshi sanksiyalar kiritdi

AQSh hukumati sanksiyalar ro‘yxatiga IShIDning 3 qo‘mondonini kiritdi. Bu haqda AQSh davlat departamenti bayonotida aytildi.

Hujjatga ko‘ra, gap Muhammad Shafi Armar, Usama Ahmad Atar va Muhammad Iso Yusuf Sakar al-Binali haqida ketmoqda.

"Bu choralarga ko‘ra, AQSh fuqarolari Armar, Atar va Binali bilan aloqaga kirishishlari va tranzaksiyalar amalga oshirishlari taqiqlanadi hamda bu shaxslarning AQSh yurisdiksiyasiga tushuvchi barcha mol-mulki va manfaatlari muzlatildi", deyilgan bayonotda. 

AQSh davlat departamenti ma'lumotlariga ko‘ra , Armar IShIDning Hindistondagi bo‘limini boshqaradi va bu davlatdagi IShIDga yollovchi bosh shaxs hisoblanadi. Armar teraktlarga tayyorgarlik ko‘rish, qurol-aslaha xarid qilish va terrorchilarni tayyorlash lagerlari uchun joy qidirish uchun javobgar o‘nlab jangarilarni yollashga muvaffaq bo‘lgan.  

Atar esa Yaqin Sharq mintaqasi sarhadlaridan tashqarida operatsiyalarni amalga oshirishga ixtisoslashgan, IShIDning yuqori lavozimdagi qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan. Jumladan, u 2015 yil noyabrda Parijdagi va 2016 yil martda Bryusseldagi teraktlar yetakchi koordinatori hisoblanadi va u Parijdagi teraktlarga bir necha jangari va Bryusselga ikki xudkushni jo‘natgan.  

Al-Binali esa 2014 yilda Bahrayndan IShIDga qo‘shilish uchun chiqib ketgan. Keyinroq u IShIDning tashviqot videoyozuvlarida paydo bo‘lib, Bahrayn aholisini, ayniqsa xavfsizlik xizmati xodimlarini IShIDga qo‘shilishga chaqirgan. 

Top