16:17 / 27.06.2017
46344

O‘zbek futboliga qarg‘ish tekkanmi?

Sarlavhani qo‘yib, maqolani yozishni boshlayapmanu, shu rostmikan, degan o‘ydan o‘zim qo‘rqib ketaman. Ammo bo‘lib o‘tgan voqea bunday fikrlashga asos bo‘ladi.

To‘rt yil avval, “Bunyodkor” stadioni yangi ishga tushgan paytlar, terma jamoamiz Jahon chempionatiga saralash o‘yinlaridan birini ayni shu stadionda o‘tkazishi kerak edi. Bir tarafdan milliy g‘ururga asos bo‘lgan, xalqimiz bunyodkorligining namunasi sifatida ko‘rilayotgan stadion ilk bor o‘z bag‘riga asl muxlislarni chorlagan, ikkinchi tomondan termamiz JChga chiqishga urinayotgani tufayli juda ko‘pchilik bu o‘yinni bevosita kuzatishni istayotgandi. Tabiiyki chipta sotib olishni istovchilar juda ko‘p edi. Futbolimiz eng kattalaridan biri qo‘lida chiptalarni ko‘rsatib, ular sotuvga chiqqanini bildirdi. To‘rt yil o‘tgan bo‘lsada, siz bo‘lib o‘tgan voqealarning hammasini bilasiz. Sotuv tizimi, chiptalar qanday qilib va kimlar orqali sotilgani haqida albatta eshitgansiz. Bularni qaytarib o‘tmoqchi emasman.

Xullas, ko‘pchilik qatori men ham “Bunyodkor” stadioni kassasiga yo‘l oldim. Birinchi kun kassa umuman ochilmadi. Minglab odam kuta-kuta qaytib ketdi. Ikkinchi kun taxminan uch soat kutishdan keyin kassa bir muddat ochildi. Bir kishi ikkitadan olishi mumkin bo‘lgani holda taxminan 100 kishiga, ya'ni nari borsa 200ta chipta sotildi ko‘z o‘ngimizda. Keyin chipta tugadi, deb kassani yopishdi. Odamlar hayron. Kimdir norozilik bildirgan edi, qora niqobli kishi hammani ko‘ksidan itarib hayday boshladi. Ana shunda bu voqea sodir bo‘ldi.

Qora niqobli yaqinlashganda hamma o‘zini orqaga tortardi. Lekin oq futbolka kiygan o‘n besh-o‘n olti yoshlardagi yigitcha nimadir bo‘lib oldinga chiqib qoldi. Qora niqobli kelgunicha orqaga qochishga ulgurmadi va yiqilib tushdi. Shunda niqobli shartta kelib endi o‘rnidan turayotgan yigitchaning yelkasiga rezina to‘qmog‘i bilan soldi...

Yigitcha og‘riqdan ingradi. Keyin yelkasi bukilib o‘rnidan turdi. Hamma bir lahza qotib qolgandi. U avval qora niqobliga, keyin bir-bir atrofdagilarga qarab chiqdi. Yigitchaning beg‘ubor ko‘zlarida yosh yiltillar, bu nafaqat og‘riqdan, balki cheksiz alamdan, haqsizlikdan, muxlis, ya'ni mehmon sifatida kelib, o‘z puliga olmoqchi bo‘lgan narsasi o‘rniga ko‘pchilik ko‘z o‘ngida g‘ururi toptalganidan tug‘ilgan ko‘z yoshlar edi.

Yigitcha avval yiqilgani tufayli labiga yopishgan, loyga aylangan tuproqni artdi, keyin quyilayotgan ko‘z yoshlariga kaftini surdi. Shundan keyin nimalardir deb pichirladi... O‘sha so‘zlarning ma'nosini endi anglagandekman!

“Bir to‘da to‘ralarning cho‘ntagini to‘ldirgan chiptanggayam! O‘zingnikidan, yoki beli baquvvatdan boshqasiga berk bo‘lgan stadioninggayam! Muxlislik qilib yordam berishim mumkin bo‘lgan chempionatinggayam! Rivojlanish yo‘llari ataylab to‘silayotgan FUTBOLINGGAYaM O‘T TUShSIN!”
Ketdi yigitcha... 

Orqasiga qarab-qarab qo‘ydi yelkasi bukilib...
Ko‘zlaridagi namlik uzoqdan ham ko‘rinib turardi...
* * * 
Kim biladi, vatanparvarlik tuyg‘ulari rosa o‘yg‘ongan o‘sha kunlarda PUL UChUN milliy g‘ururni toptalgani tufayli bugun ham buning mevasini yeyayotgandirmiz?..

Yigitcha bugun erkak bo‘lgandir. Lekin futbolimizdagi depsinish o‘sha-o‘sha, hatto ma'lum darajada orqaga ham ketdik.

Eng qizig‘i, bor yo‘g‘i 200 ta chipta sotilgan o‘sha o‘yinda 30 mingdan ortiq odam stadion o‘rindiqlarini to‘ldirib o‘tirishdi...

Abror Zohidov

Top