19:05 / 23.08.2017
10240
O‘zbekistonda tana a'zolarini ko‘chirish haqida qonun loyihasi tayyorlandi

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining muhokamasiga «Inson organlari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya qilish) haqida»gi qonuni loyihasi qo‘yildi.

Qonunning asosiy maqsadi — fan va meditsinaning zamonaviy yutuqlarini hisobga olib, inson organlari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish sohasida munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.

Qonun loyihasi muhokamaga bugun qo‘yildi va 2018 yilning 1 yanvariga qadar muhokamada bo‘ladi.

Qonun loyihasida asosiy tushunchalarga urg‘u berilgan, sog‘liqni saqlash vazirligining vakolatlari, transplantatsiya organlarini oluvchi, tayyorlovchi, saqlovchi, transportirovka va transplantatsiya qiluvchi muassasalarga aniqlik kiritilgan. Transplantatsiya qilinuvchi organlarning sharti va tartibi belgilangan.

Inson organlari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini ko‘chirib o‘tkazish uchun retsipiyentning roziligi shartlari keltirilgan. Retsipiyent, shuningdek, tirik donorlarning huquq va majburiyatlariga ham aniqlik kiritilgan. 

Qonun loyihasini o‘qib, sohaga daxldor kishilar u haqdagi fikr mulohazalari va takliflarini bildirishlari mumkin.

Top