14:42 / 02.09.2017
14242

Buxoro – Miskin temir yo‘lida po‘lat izlari ulandi

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Ma'lumki, Prezident Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Buxoro-Miskin yangi temir yo‘l qurilishida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar bilan tanishib, yo‘nalishdagi ishlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan qator taklif va tavsiyalarini bergan edi. Mamlakat Prezidenti tomonidan bildirilgan ishonchni temiryo‘lchilar oqlashdi. Ya'ni qisqa muddatda milliy va zamonaviy kommunikatsiya tarmog‘ining bir qismi Buxoro – Miskin temir yo‘li qurilishining birinchi bosqichini o‘z yakuniga yetkazishdi. Bugun loyihaning 147 va 148 kilometrlar oralig‘ida so‘nggi po‘lat izlarni yotqizish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan loyihalashtirilgan yangi temir yo‘lning umumiy uzunligi 335 km.ni tashkil etadi. Ayni paytda 335 km.ga po‘lat izlar yotqizildi. Shuningdek, 121 ta sun'iy inshoot, 12 ta ko‘prik va 6 ta yo‘l o‘tkazgichlar qurib bitkazildi. 21,2 mln kubometr hajmdagi tuproq ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga ushbu yo‘nalishda 5 ta stansiya va shuncha raz'yezdlar ham barpo etildi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 283,1 mln. AQSh dollarini tashkil etib, shu kungacha 247 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirildi. 

Prezident Shavkat Mirziyovning 2017 yil 13 martdagi «Buxoro — Miskin temir yo‘l liniyasini qurish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, mazkur liniyada bunyodkorlik ishlari jadal olib borildi. Jumladan, keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarini tezkor, sifatli, o‘z muddatida foydanishga topshirish uchun 1500 dan ortiq ishchi-xizmatchilar, yo‘l qurilishi bilan bog‘liq soha mutaxassislari, 1000 dan ziyod qudratli mexanizmlar jalb etilgan edi. 

Qurilish-montaj jarayonlari Buxoro tumanidan Miskin bekatigacha bo‘lgan oraliqda, bir vaktning o‘zida har ikki tomondan qurib kelindi. Loyihani zamon talablari darajasida foydalanishga topshirish uchun respublikada hozirgacha amalga oshirilgan yirik loyihalar, jumladan, «Navoiy – Uchquduq – Sulton-Uvaystog‘ – Nukus», «Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on», «Angren – Pop» temir yo‘l qurilishlarida faol qatnashgan tajribali temiryo‘lchilar mazkur loyihaga biriktirilgan.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Mazkur loyiha hayotga tatbiq etilgach, poyezdlar harakati tezkorligi oshadi, ularning harakatlanish vaqti qisqaradi. Dastlab, mazkur temir yo‘l liniyasi orqali yuk poyezdlar qatnovi amalga oshiriladi. Bu esa ushbu xududdagi qazilma boyliklarini o‘zlashtirish, ulardan samarali foydalanish va shu bilan birga yangi ishlab chikarish korxonalarini ochishga zamin yaratadi.

Shu kunga qadar poytaxtdan Urganchga qatnovchi poyezdlar 1064 kilometr yo‘l bosib «Navoiy-Uchquduq-Miskin» magistrali orqali harakatlanayotgan bo‘lsa, ushbu loyihaning qurib bitkazilishi bilan poyezdlar qatnovi qariyib 75 kilometrga qisqaradi. Tabiiyki bu yo‘l uchun ketadigan vaqtni, yonilg‘ini va boshqa xarajatlarni tejashga zamin yaratadi. Bugun, butun O‘zbekistonning xudud va mintaqalarini qamrab oladigan yagona milliy temir yo‘l tarmog‘i barpo etildi. Ular orqali yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlari qatnovining yo‘lga qo‘yilishi kimlar uchun mo‘'jiza, ba'zilar uchun kutilmagan yangilik, yana birovlar uchun esa orzular ro‘yobi bo‘ldi. Ayni damda mamlakat temir yo‘llarining umumiy uzunligi 6500 kilometrdan ortiq bo‘lsa, Buxoro-Miskin yangi temir yo‘l loyihasi foydalanishga topshirilgandan so‘ng bu ko‘rsatkich qariyb 7000 kilometrga yetadi.

Mavzuga oid
Top