10:24 / 18.09.2017
8024

20 yoshga kirgan yigit o‘g‘rilik qilgani uchun 5 yilga qamaldi

Foto: KUN.UZ

Azimjon (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) birinchi bor o‘g‘rilik qilganida sal qolsa, panjara ortiga tushardi. O‘shanda unga shartli ravishda sinov muddati belgilanib, to‘g‘ri yo‘l ga qaytishiga imkon berildi. U bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, “o‘g‘ri” degan tamg‘adan qutulishga harakat qilishi kerak edi. Afsuski, bunday bo‘lib chiqmadi. Azimjon yana yo‘ldan adashdi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

2016 yilning 26 avgust kuni Azimjon soat 22:00lar atrofida aylanib kelish bahonasida uyidan ko‘chaga chiqadi. Shu payt na ota, na ona uni qayerga ketayapsan, deb tergamadi.

Qishloq joy emasmi, bu vaqtda kun bo‘yi dalada mehnat qilgan odamlar o‘ringa cho‘zilgan, hammayoq jim-jit edi. Azimjon tuproq yo‘l bo‘ylab yurib, hamqishlog‘i Karim Berdiyevning uyi oldida to‘xtadi. Hovlidagi chiroqlar o‘chirilganini ko‘rib, uyda hech kim bo‘lmasa kerak, degan xayolga bordi va uyga kirish fikri tug‘ildi. Beixtiyor devorga tirmashib, hovliga oshib o‘tdi. O‘ylaganidek, uyda hech kim yo‘q edi. Azimjon shoshganicha o‘zini uy ichkarisiga urdi. Javon va kiyimlarni titib, qo‘lga ilingulik narsa izlay boshladi. Kiyimlardan birining cho‘ntagidan pulga o‘xshash qog‘oz qo‘liga ilindi. Pulni deraza orqali tushayotgan oy yorug‘iga tutib, uning AQSh dollari ekanini bildi. Quvonganidan cho‘ntagiga solib, ortga qaytmoqchi bo‘ldi. Biroq uydan chiqaverishda stol ustida turgan noutbukni ko‘rib, uni ham qo‘yniga urdi. Keyin kelgan yo‘lidan uyiga qaytdi.

O‘sha kuni uy egalari qarindoshlarining to‘yiga ketishgandi. Ertasi kuni kelishgach, uydagi holatni ko‘rib, hayratdan yoqa ushlashdi. K.Berdiyevning xotini sochilib yotgan kiyimlari orasidan pullarini izlay boshladi. Ammo ularni topolmagach, uyiga o‘g‘ri tushganini bilib, bu haqda tezda Qarshi tumani IIBga murojaat qildi.

Olib borilgan tezkor tadbir paytida Azimjonning qilmishi fosh etildi. Tergov jarayonida Azimjon K.Berdiyevning xonadonidan bahosi 3 million so‘m bo‘lgan “ACER” rusumli noutbuk va 4000 AQSh dollarini o‘marganligi aniqlandi.

Bu safar uning qilmishi kechirilmadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi tomonidan Azimjon Bo‘riyevga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shu bilan birga, uning hisobidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni undirish to‘g‘risida ham hukm chiqarildi.

Mavzuga oid
Top