17:02 / 18.09.2017
49220

Patronaj hamshira va shifokorlarga ustama haq belgilandi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Joriy yilning 18 sentabr kuni Milliy matbuot markazida “Tibbiy patronaj: aniq hudud, aniq muddat va aniq shaxsga qaratilgan xizmat” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlari, boshqarma boshliqlari, ixtisoslashtirilgan va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, respublika darajasidagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot  xizmatining KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, tadbir davomida vazirlik tizimida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini rivojlantirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, tibbiy patronaj xizmati bilan aholini qamrab olish yo‘nalishlari, olib borilgan sa'y-harakatlar natijasi va istiqbol rejalar xususida batafsil ma'lumot berildi.   

Patronaj xizmati homiladorlar, go‘daklar, yosh oilalar, keksalar, yangi farzand ko‘rgan ayollar va parvarishga muhtoj yolg‘iz qariya, nogiron hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uy sharoitida tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimidir. Demak, bu soha butun mamlakat aholisi salomatligiga javobgar yo‘nalish. Shu ma'noda, patronaj xizmati rivojidan, avvalo, onalar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash, ularni to‘liq patronaj tizimi bilan qamrab olish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini, jumladan, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni targ‘ib etish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan. 

Anjumanda alohida qayd etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida sog‘liqni saqlash sohasini yanada isloh etish, eng avvalo, uning birlamchi bo‘g‘inidagi bo‘linmalari va qishloq vrachlik punktlari faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish davlatning e'tibor markazida bo‘lishini alohida ta'kidlagan edi. Ushbu ezgu maqsad mamlakat rahbari boshchiligida sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ham alohida qayd etildi. Darhaqiqat, birlamchi tibbiy bo‘g‘inga davlat miqyosida qaratilayotgan e'tibor ushbu tizimda faoliyat yuritayotgan har bir tibbiyot xodimi zimmasida ulkan mas'uliyat borligini ko‘rsatmoqda. Demak, birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati ishini ana shu mezonlar asosida, xalqimizning talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda tashkil etish bugungi kun talabidir. Shu maqsadda, aholiga eng yaqin tibbiy bo‘g‘inda qator islohotlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yilning 29 martida qabul qilingan PQ-2857-sonli qarori bu boradagi vazifalarni amalga oshirishda muhim dasturilamal hujjat vazifasini o‘tamoqda. Qaror birlamchi tibbiyot muassasalari joylashuvini oqilona tashkil etish, ularda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, patronaj tizimini sifat jihatdan tubdan yaxshilash, mamlakatda, uning har bir hududi va aholi yashash punktlarida kasallanish darajasini pasaytirish, profilaktika ishlarini yanada yaxshilashga qaratilgan. Hujjat ijrosi doirasida 793 ta qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikalari, 441 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan 658 ta QVP binolarini QVP va poliklinika shifokorlari uchun xizmat uy-joyi sifatida foydalanishga berilmoqda. QVPlar, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda xizmat ko‘rsatish vaqtini soat 08:00 dan 20:00 gacha uzaytirish hisobiga aholi uchun birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan foydalanish imkoniyati kengaytirilmoqda.

Mazkur qarorning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 13 sentabr kuni Vazirlar Mahkamasining  “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami  muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun mas'uliyatni oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, biriktirilgan hududda oilalarning to‘liq patronaj bilan qamrab olinishini ta'minlayotgan va o‘z faoliyatining ijobiy pirovard natijalariga, shu jumladan, kasallikka chalinish pasayishiga, go‘daklar va onalar o‘limi bo‘lmasligiga erishgan patronaj tibbiyot hamshiralari va umumiy amaliyot vrachlariga tarif stavkasining 5 foizidan 20 foizigacha   miqdorda har oylik shaxsiy ustama  belgilandi. 

Bundan o‘n yillar oldin qishloq vrachlik punktlari tarmog‘i yaratilgan edi. O‘sha paytdagi sharoitda mazkur tizim katta yutuqqa aylangani bor gap. Ammo bugun faqat shu bilan cheklanib qolish yaramaydi. Boisi endilikda butun jahon tibbiyotida kasallikning oldini olish, profilaktika qilish ustuvor maqsad sifatida qo‘yilgani holda, yangicha qoidalar asosida faoliyat yuritilmoqda. Shuningdek, tezkorlik, bemorlar uchun qulaylik yaratish va boshqa yo‘nalishlardagi tamoyillarda ham zamon talablari o‘zgargan. Endi kasallikni davolash emas, oldini olish — xastalikka sabab bo‘luvchi omilni oldindan aniqlab, bartaraf etish mexanizmini yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda. Buni esa tibbiy patronaj xizmati bilan oilalarga kirib borgan holdagina amalga oshirish mumkin.

Shu nuqtai nazardan qishloq oilaviy poliklinikasi sobiq QVPdan tubdan farq qiladi. Yangidan tashkil etilayotgan ushbu muassasalar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar — UTT, EKG va boshqa tekshiruv apparatlari bilan jihozlanmoqda. Qishloq oilaviy poliklinikalarida umumiy amaliyot shifokori va o‘rta tibbiyot xodimlaridan tashqari, jarroh, pediatr, akusher-ginekolog, stomatolog, ultratovush tekshiruvi mutaxassisi kabi tor mutaxassislar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani aholi tibbiy ko‘rik va maslahat olish uchun tuman markaziga, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga qatnab yurishining oldini oladi. 

Bunda kadrlar ta'minoti ham e'tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Joriy yilning o‘zida 3197 nafar bakalavriat bitiruvchilarining 79 foizi birlamchi tizimga ishga yuborildi. 

Qayd etilganidek, patronaj xizmati mamlakat tibbiyoti uchun yangi yo‘nalish emas. Bu borada ma'lum tajriba va yutuqlar ham mavjud. Ammo oldinda oilalarga kirib borish mexanizmini tizimli asosda yo‘lga qo‘yish vazifasi turibdi. Bundan tashqari, oilaga kirib borishning o‘zi kifoya qilmaydi. Patronaj hamshiraga ma'lum vazifa va mas'uliyat ham yuklatilgan. Yana bir jihatni inobatga olish kerakki, vazifalar taqsimotidagi mavhumliklar, hudud aholisi haqida to‘liq ma'lumotning mavjud emasligi, qolaversa, aholi orasida tibbiy patronajning mazmun-mohiyati to‘la-to‘kis anglab yetilmagani kabi omillar sabab, ushbu xizmat o‘z vazifasini ko‘ngildagidek ado eta olmayotgandi. Shuning uchun ham patronaj xizmati tubdan modernizatsiya qilinib, huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda, moddiy baza yaxshilanayapti. Xususan, Prezident Sh.Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, patronaj xizmatining mazmun-mohiyati va asosiy vazifalarini aniq belgilovchi Vazirlar Mahkamasining Nizomi tasdiqlanishi kutilmoqda.

Ammo natijalar bilan maqtanishga hali erta. Birlamchi xizmatdan aholini rozi qilish uchun oldinda juda katta vazifalar turibdi. Xususan, qishloq oilaviy poliklinikalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan bosqichma-bosqich ta'minlash, tibbiyot oliy ta'lim muassasalari bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bitiruvchilarini QVP va qishloq oilaviy poliklinikalarida 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga yo‘naltirib, ularga mahalliy hokimliklar tomonidan sharoit yaratib berish, QOPva QVPlarni dori vositalari va tibbiy buyumlar, bilan ta'minlanish darajasini yaxshilash va natijada aholini tibbiy patronaj bilan 100 foiz qamrab olish ko‘zda tutilgan.  

Top