Jahon | 13:48 / 19.08.2023
19603
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada hamshira 7 nafar chaqaloqning o‘limida aybdor deb topildi

Britaniyalik hamshira Lyusi Letbi 2015 yilning iyunidan 2016 yilning iyuniga qadar Chester kasalxonasida ishlayotgan vaqtida yangi tug‘ilgan besh nafar o‘g‘il bola va ikki nafar qiz bola chaqaloqni o‘ldirgan.

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya sudi hamshira Lyusi Letbini yetti nafar chaqaloqning o‘limida aybdor deb topdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

U 2015 yilning iyunidan 2016 yilning iyuniga qadar Chester grafligi kasalxonasida ishlayotgan vaqtda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni shprits bilan havo kiritish orqali o‘ldirgan.

Shuningdek, Lyusi Letbi kasalxonaning neonatal bo‘limida qasddan havo kiritish, ortiqcha ovqatlantirish va insulin bilan zaharlash kabi usullardan foydalangan holda yana oltita chaqaloqni o‘ldirishga urinishda aybdor deb topildi.

Hakamlik sudi hay’ati go‘daklarni o‘ldirishga urinish bo‘yicha yana oltita punkt yuzasidan hukm chiqara olmadi. Prokurorlar ushbu moddalar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqish uchun 28 kun so‘ragan.

Manchester sudi 21 avgust kuni Letbiga hukm chiqarishi kerak.

Lyusi Letbi bilan birga yangi tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limida ishlagan boshqa bir tibbiyot xodimining BBC’ga aytishicha, shifoxona rasmiylari hamshiraga qo‘yilgan ayblovlarni o‘z vaqtida tekshirmagan va boshqa shifokorlarning ovozini o‘chirishga uringan.

Shifoxona ma’muriyati bir necha oy davomida hamshira chaqaloqlarni o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, politsiyaga kech murojaat qilgan.

2015 yil oktabr oyida bo‘limning yetakchi maslahatchisi doktor Stiven Breri birinchi marta Letbining xatti-harakatidan xavotirda ekanini aytadi. Ammo hech qanday chora ko‘rilmaydi, shundan so‘ng u yana beshta chaqaloqni o‘ldirishga urinadi va ulardan ikkitasi vafot etadi.

Hozirgacha ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Letbi jami 13 ta yangi tug‘ilgan chaqaloqni o‘ldirishga uringan. Ularning ism-shariflarini oshkor qilish sud tomonidan taqiqlangan, biroq besh nafar o‘g‘il bola va ikki nafar qiz o‘ldirilgan.

Mavzuga oid