8460.92 USD +2.76

9439 EUR -62.05

131.06 RUB +1.32

10760.6 GBP -234.16

12:30 / 22.09.2017 11741

Erdo‘g‘an: «Islom terrorizmi» degan iborani qo‘llash mumkin emas

Foto: Anadolu

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an terrorchilik harakatlarini yoritish xususida fikrlarini bildirar ekan, unda «Islom terrorizmi» degan jumlani qo‘llash mumkin emasligi haqida fikrlar bildirdi. 

Turkiya yetakchisi Nyu Yorkda AQSh Islom jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvda qayd etganidek, hatto beayb bir insonni o‘ldirish ham insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholanishi kerak. «Bizga dinimiz shunday ta'lim beradi», - degan Erdo‘g‘an. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilarning harakatlarini Islom diniga bog‘lashga urinishlar besamardir. «Hech kim IShID jangarilarini musulmonlar yoki Islom dini bilan tenglashtirishga, o‘zaro bog‘lashga haqi yo‘q. Islom va IShID terrorchilari orasida bog‘liqlik yo‘q. Bu terrorchilik tashkiloti», - degan Turkiya rahbari. 

Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, dunyoning turli burchaklarida amalga oshirilayotgan terrorchilik harakatlari turli din vakillari tomonidan ijro etilmoqda. Biroq terakt ijrochisi musulmon kishi bo‘lib qolsa, voqeaga diniy ohang berishga urinishadi va «Islom terrorizmi» so‘zidan foydalanishadi. Agar shu jinoyatni boshqa bir din vakili ijro etsa, hodisaga kamroq e'tibor beriladi, ahamiyati pasaytiriladi va fojia faqat huquqiy nuqtai-nazardan baholanadi. 

«Bugungi kungacha hech kim «nasroniy terrorizmi», «yahudiy terrorizmi» yoki «budda terrorizmi» degan jumlalarni qo‘llanmagani tasodif emas. Ayni fikr dinsizlarga ham tegishli», - deya uqdirgan Erdo‘g‘an. 

Shundan so‘ng Erdo‘g‘an Myanmaning Arakan viloyatidagi millionga yaqin aholisi «ommaviy qirg‘inga o‘xshash holat»ga duch kelishgani sababli Bangladeshga qochishga majbur bo‘lishganiga to‘xtaldi.
 
«E'tibor bering, Turkiya Arakanda istiqomat qilayotgan rohingya musulmonlarini buddaparastlar o‘ldirayotgani haqida biror marta ham bayonot bergani yo‘q. Vaholanki, aynan buddaparastlar ushbu qotilliklarni sodir etishmoqda. Shunga qaramay, biz bu kabi iboralarni qo‘llamayapmiz. Shu o‘rinda buddalar harakatlarini oqlayotganlardan so‘ramoqchiman: siz qaysi huquq asosida «Islom terrorizmi» jumlasidan foydalanayapsiz?», - degan davlat rahbari. 

«Ehtimol, boshqa madaniyatlar vakillari bir inson o‘limini fojia sifatida baholab, millionlab insonlar qatliomini statistika deyishar. Biz musulmonlar uchun esa, har bir inson hayoti butun insoniyat hayoti demakdir», - deb qo‘shimcha qilgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. 

Top