00:24 / 18.11.2017
7808
Bokschi Tayson Fyuri ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘ziga raqib tanlamoqda
Foto: AFP

O‘ta og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni, britaniyalik bokschi Tayson Fyuri ijtimoiy tarmoqlarda o‘z muxlislariga uning keyingi jangi uchun raqib tanlab berishni taklif qildi. 

“Mening keyingi qurbonim kim bo‘lishi kerak?”, deb yuzlangan Fyuri muxlislariga va 4 variant keltirgan: Manuel Charr va Aleksandr Ustinov jangi g‘olibi, Shennon Briggs, Devid Prays yoki Aleksandr Povetkin.

Ayni vaqtda katta ustunlik bilan Shennon Briggsga ovoz berilgan. Qizig‘i, sentabrda Briggsning o‘zi Fyuriga jang o‘tkazishni taklif qilgandi.

“Tayson Fyuri bilan uchrashsak nima bo‘ladi? Jangdan oldingi sirkdan yaxshirog‘i biz ringda uyushtiradigan urush bo‘ladi. Siz meni aqldan ozib qolgan deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak, biroq men jiddiy aytmoqdaman. Bu jangda hakamlardan ko‘ra psixiatrlar ko‘proq kerak bo‘ladi”, deb aytgandi Shennon.  

Fyuri professional ringda 25 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan. U 2015 yil kuzida ukrainalik bokschi Vladimir Klichnoni mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lgandi. Biroq keyin Fyuri revansh o‘tkazishdan bosh tortgan va kokain iste'mol qilishda ushlanib, diskvalifitsiya qilingan edi.

Fyuri ringga keyingi yil bahorida qaytmoqchi.

Top