18:57 / 13.12.2017
32278

Toshkentda Qur'on qiroati bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi

2017 yil 13 dekabr kuni Toshkent islom universitetida “Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan qorilar musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston azaldan barcha sohalarda peshqadam daholarni dunyoga taqdim qilgan. Asrlar davomida hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmlaridan tashqari, bu yurtdan Qur'on hofizlari, qiroat ilmini egallagan ulamolar yetishib chiqishgan.

Toshkent Islom universiteti talabalari ham respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishmoqda. Bu safargi musobaqa ikkita – hifz va tilovat yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.

Unda jami 18 nafar talaba ishtirok etdi. Musobaqa Qur'on tilovati bilan ochib berildi. So‘ngra davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 1 sentabr – Qurbon hayiti kuni Hastimom dahasiga tashrifi va unda Qur'on qiroati musobaqalarini yangicha tartibda o‘tkazish bo‘yicha bildirgan fikri yoritilgan videorolik namoyish qilindi.

Foto: islamcenter.uz

Keyin Universitet rektori R.Abdullayev tabrik uchun nutq so‘zlab, ishtirokchilarga omad tiladi.

Hifz yo‘nalishi bo‘yicha G‘aybullayev Saidahmad birinchi o‘rin, Umaraliyev Sherzod ikkinchi o‘ringa munosib bo‘ldi.

Tilovat yo‘nalishida o‘g‘il bolalardan Yangiboyev Adham birinchi, Saminov Muhammadsodiq ikkinchi, O‘ljaboyev Muhammadyunus uchinchi o‘rinni egalladi.

Tilovat yo‘nalishida qiz bolalardan Obidjonova Nilufar birinchi,  Mirzakarimova Nodira ikkinchi, Yusufxojiyeva Sohiba uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.

Musobaqa asnosida tomoshabinlar ham Qur'on ilmlari bo‘yicha viktorina savol-javoblarida ishtirok etishdi.
G‘oliblar diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Mavzuga oid
Top